Bahsning 7-daqiqasida braziliyalik politsiyachilar maydonga tushib, mehmon jamoa futbolchilarini deport qilishga uringandi. Natijada Argentina milliy jamoasi futbolchilari va murabbiylar maydonni tark etgan edi.

Mojaroning kelib chiqishiga Argentina jamoasining maydonga tushgan uch futbolchisi – darvozabon Emiliano Martines, himoyachi Kristian Romero va yarim himoyachi Jovanni Lo Chelso, shuningdek, zaxirada qolgan havbek Emiliano Buendia Braziliyaga kirish tartibini buzgani sabab boʻlgandi. Braziliya sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrnatilgan tartibga koʻra, oʻshanda Angliyada boʻlgan barcha shaxslar Braziliyaga kelganidan keyin, pandemiya tufayli, 14 kun karantinda oʻtirishi talab etilardi. Yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilar esa bu qoidaga amal qilmay maydonga tushgan edi.

FIFA ushbu mojaroli holatni oʻrganib chiqib, uchrashuv qayta oʻtkaziladi degan qarorga keldi. Bahs qayerda va qachon boʻlishini FIFA belgilaydi.

Shuningdek, Argentina milliy jamoasi oʻyinchilari Emiliano Buendia, Emiliano Martines, Jovanni Lo Chelso va Kristian Romero ikki oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, ikki jamoa ham allaqachon JCH-2022 yoʻllanmasini qoʻlga kiritib boʻlgan.