Muloqot chogʻida oʻzaro munosabatlarning rivojlanishi va uni ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Xalqaro platformalar va tashkilotlar doirasida ikki va koʻp tomonlama formatdagi hamkorlikni rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.

Investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Turli sohalarda, jumladan, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, oʻgʻitlar va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, chorvachilik va parrandachilik, shuningdek, soya, makkajoʻxori va shakarqamish yetishtirish va qayta ishlash sohalarida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish istiqbollari qayd etildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, jumladan, oʻzaro biznes-missiyalar va tarmoq koʻrgazmalarini tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Bu, oʻz navbatida, oʻzaro savdoni koʻpaytirish yoʻnalishidagi muvaffaqiyatlarning rivojlanishiga ham xizmat qiladi. Shunday qilib, 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Braziliya oʻrtasidagi tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar oshdi va joriy yilning yanvar-may oylarida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish 40 foizga teng boʻldi. Oʻzaro savdoni yanada koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga kelishildi.

Ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi boshqa ahamiyatga ega masalalar, jumladan, turizm, taʼlim sohasidagi hamkorlik va Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi yuzasidan fikr almashilgach, erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar toʻgʻrisida kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.