DXX va IIV Samarqand viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan tadbirda M.X. va Sh.Sh. fuqaro J.X.dan 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Tintuv vaqtida ularning noqonuniy harakatlaridan jabrlangan 13 nafar fuqaroning hujjatlari (8 ta xorijga chiqish pasporti, 2 ta biometrik pasport, bir dona ID-karta, 2 ta tugʻilganlik haqida guvohnoma va bir dona nikoh guvohnomasi), shuningdek, yana bir fuqaro N.R.ni AQSHga yuborish evaziga 22.500 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini olgani toʻgʻrisida tilxat topilib, protsessual tarzda rasmiylashtirildi.

Maʼlum boʻlishicha, ular fuqaro J.X.ning ishonchiga kirib, Yevropa davlatlaridan biriga “shengen” kirish vizasini rasmiylashtirish va “Toshkent – Ispaniya – Meksika – AQSH” yoʻnalishi orqali Amerikaga yuborishni vaʼda qilib, undan 27 ming AQSH dollarini talab qilgan. M.X. va Sh.Sh. fuqarodan dastlab 10 ming AQSH dollari, Meksikaning AQSH bilan chegarasiga yetib borgandan soʻng 17 ming AQSH dollari berishi zarurligini bildirgan.

Ushbu shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.