Braziliya O‘zbekiston elchixona ochishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqovning Braziliyaning AQSHdagi elchisi Mariya Viotti bilan uchrashuvida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Mariya Viotti Braziliyada o‘rnatilgan protokol tartib va taomillarga muvofiq hamda O‘zbekiston elchisini akkreditatsiya qilish masalasini tezlashtirish maqsadida, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi unga ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilish uchun vakolat berganligini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan Braziliyaning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) tayinlanganligi to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
"O‘zbekiston rahbariyatiga Braziliyadagi o‘z vakilini tayinlash to‘g‘risidagi qarori uchun hukumatim nomidan minnatdorlik bildiraman. Bu endilikda ikki tomonlama kun tartibini sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishiga ishonaman", - dedi Mariya Viotti.
"Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari Braziliya bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishdan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mudofaa sohalarida keng qamrovli qo‘shma savdo-investisiyaviy loyihalarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Savdo aylanmasida balansni ta’minlash maqsadida Braziliya tomoni O‘zbekistondan turli nomenklaturadagi tovarlar eksportini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Pirovard yo‘nalish sifatida mamlakatimizdan mineral o‘g‘it va oziq ovqat mahsulotlari eksportini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqish taklif etildi" deyiladi xabarda.