Onlayn-konferentsiyada o'qituvchilar, ekspertlar hamda turli vazirlik va idoralardan 1 ming 500 dan ortiq kishi ishtirok etdi.
2013-yilda boshlangan «Yangi yo'nalishlar» konferentsiyalari turkumi bugunga qadar o'n marta tashkil etildi. Shundan sakkiztasi Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va ikkitasi Lotin Amerikasi davlatlarida o'tkazilgan. O'zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib ushbu anjumanga mezbonlik qildi.
Tadbirda so'nggi yillarda mamlakatimizda ingliz tilini o'qitish yo'nalishida amalga oshirilgan islohotlar va ularni kelgusida muvaffaqiyatli amalga oshirish yo'llari muhokama qilindi.
Konferentsiyaning asosiy mavzularidan biri ta'lim tizimini yagona va yaxlit tizim sifatida ko'rishning ahamiyati masalasi bo'ldi. Anjumanda, shuningdek, o'qituvchilarning tilni baholash savodxonligini oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
O'zbekistonlik pedagoglar, tadbirda Britaniya Kengashi va «Cambridge Assessments» kabi hamkorlarning dunyo bo'ylab ingliz tilini o'rgatish va baholashda qanday innovatsiyalardan foydalanayotgani haqida xalqaro ekspertlarning fikrlarini eshitish imkoniga ega bo'ldi. Jumladan, Britaniya Kengashining baholash tadqiqotlari va ishlanmalari bo'limi boshlig'i professor Barri O’Sallivan va Bedfordshir universitetining tilni baholash bo'yicha etakchi tadqiqotchisi professor entoni Grin, Dubay erkaklar kolleji o'qituvchisi, doktor Kristin Kumb va Norvich til ta'limi instituti direktori Tom Kidl ishtirokchilar bilan o'z tajribasini o'rtoqlashdi.
Konferentsiya xalqaro ekspertlarning ishtiroki, mahalliy talablarga mos va jahon standartlariga javob beradigan baholash echimlarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Onlayn-o'quvlar so'nggida ishtirokchilar O'zbekistondagi maktab va oliy ta'lim muassasalarida chet tilini o'qitish bo'yicha uzoq muddatli rejalarni ishlab qichish, tilni bilish darajasini baholash va til o'rganish sohasidagi yo'nalishlarni aniq shakllantirib olishga muvaffaq bo'ldi., deb xabar beradi «Dunyo» AA.