Britaniya muzeyida “Ipak yoʻllari” koʻrgazmasi oʻz ishini boshlaydi

    Tez kunda mashhur Britaniya muzeyida “Ipak yoʻllari” koʻrgazmasi oʻz ishini boshlaydi.

    Bu haqda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanaliga yozib qoldirdi.

    “Oʻzbekistondan olib boriladigan noyob osori atiqalar boy madaniy merosimizni, diyorimizning Ipak yoʻli tarixidagi muhim oʻrnini aks ettiradi”, — deb yozadi Mirziyoyeva.

    Qayd etilishicha, Britaniya muzeyida namoyish etiladigan eksponatlar V-X asrlar oraligʻida Ipak yoʻli boʻylab harakatlangan insonlar, mahsulot va gʻoyalar madaniy hamda tarixiy aloqalarning rivojlanishiga qanday xizmat qilganini koʻrsatadi. Koʻrgazma 2024-yil 26-sentyabrdan 2025-yil 23-fevralga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻladi.