Bettani Xyuz Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. U “Boligolov kosasi: Suqrot, Afina va yaxshi hayotni izlash” (“The Hemlock Cup: Socrates, Athens and the Search for the Good Life”), “Istanbul: Uch shahar haqida ertak” (“Istanbul: A Tale of Three Cities”), “Venera va Afrodita” (“Venus and Aphrodite”) kabi asarlarning muallifi hisoblanadi.
Bettani Xyuzning maʼlum qilishicha, hozirda u ijodiy jamoasi bilan “Oʻzbekiston xazinalari” (“Treasures of Uzbekistan”) mavzusidagi katta loyiha ustida ish olib boryapti.
Mazkur loyiha doirasida Oʻzbekistonning qadimiy manzillari hamda mamlakatning turistik salohiyatini namoyish etuvchi filmlar tasvirga olinadi. Bu esa oʻz navbatida, yurtimizning sayyohlik imkoniyatlarini butun dunyo boʻylab yanada tanitishga turtki boʻlishi kutilyapti.
Tegishli shartnoma tomonlar oʻrtasida imzolanganidan soʻng, ijodiy jamoa tasvirga olish jarayonlarini joriy yil may oyidan boshlaydi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Maʼlumot uchun, “StandStone Global” tashkiloti dunyo boʻylab tarixiy manzillarga doir keng taʼsirga ega filmlarni suratga oladi. Tashkilot tomonidan tasvirga olingan filmlar National Geographic Channel, SBS, BBC, ITVBe va boshqa koʻplab nufuzli tarmoqlarda davriy uzatib boriladi. “StandStone Global” tomonidan tarixiy manzillarga doir filmlar Ispaniya, Portugaliya, Vengriya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Ozarbayjon, Gruziya va boshqa mamlakatlarda tasvirga olingan.