Bryusselda Siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi muloqoti boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 18 May 2022 1265

    2022-yil 17-mayda Bryusselda Siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi muloqotining navbatdagi raundi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari hamda Yevropa tashqi harakatlar xizmatining Bosh kotibi oʻrinbosari, siyosiy direktori Enrike Mora ishtirok etdi.

    Uchrashuvda mamlakatimizdan tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

    Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi soʻnggi oʻzgarishlar, umumiy xavfsizlik muammolari, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha ular oʻrtasidagi hamkorlik, shuningdek, suv resurslari, energetika, chegaralarni boshqarish va savdoni qulaylashtirish kabi keng koʻlamli masalalar boʻyicha mintaqalararo hamkorlikni muhokama qildilar.

    Tomonlar tinchlik, barqarorlik va farovonlikning muhim omili sifatida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Markaziy Osiyo oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik va barqaror rivojlanish boʻyicha vazirlar konferensiyasini Samarqand shahrida oʻtkazilishini olqishladilar.

    Uchrashuv ishtirokchilari Afgʻonistondagi vaziyat, shuningdek, afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.