— Mazkur bankka profil ishlab chiqarish dastgohi sotib olish niyatida ekanimni aytib, 2021-yilning oktyabrida murojaat qilgandim, — deydi u. — Tegishli hujjatlarni ham taqdim etgandim. Ammo bank xodimlari “Ishingiz erta-indin hal boʻladi”, deb rosa ovora qildilar. Oxir-oqibat bank rahbari imzosi bilan ajabtovur javob xati oldim.
Fuqaroning “ajabtovur” deyishida jon bor. Bankning 2021-yil 17-dekabr kunidagi 02/947-sonli javob xatida shunday soʻzlarni oʻqish mumkin:
“...Murojaatingizda qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berishni soʻragansiz... Murojaatingiz yuzasidan bank xodimlari va mahalla fuqarolar yigʻinining masʼul xodimi bilan birgalikda dastlabki monitoring oʻtkazilganda taʼminotchi korxonadan chorva mollari olib kelinmaganligi maʼlum boʻldi, bu toʻgʻrisida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan boʻlib Hududiy filial tomonidan kredit ajratilmasligini maʼlum qilamiz».
Bankdan qurilish materiali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida imtiyozli kredit soʻragan fuqaroga chorva mollari hali olib kelinmaganidan soʻz ochishsa, har qanday kishi ham yoqasini ushlab qolishi tayin. Qolaversa, Gulchehra Normurodovaning taʼkidlashicha, murojaati yuzasidan bank xodimlari ham, mahalla vakili ham u bilan uchrashgan emas. Yolgʻonchilik, loqaydlik ham evi bilanda.
Ushbu javob xatining “Agrobank” ATB Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi axborot tizimiga ham yuklatilganini aytmaysizmi?!
G. Normurodova Xalq qabulxonasiga ushbu masala yechimi borasida koʻmak soʻrab murojaat qildi. Suhbat jarayonida u chorva mollari emas, balki profil ishlab chiqarish dastgohi sotib olish uchun kredit ajratishni soʻrab murojaat qilganini, xonadoniga bank va mahalla fuqarolar yigʻini xodimlari kelmaganlarini va hech qanday dalolatnoma yozmaganlarini bildirdi.
Maʼlumki, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Aftidan, bank mutasaddilari masalaning bu jihatini unutishmoqda. Aks holda bir fuqaroni shu qadar ovora qilishmas, murojaatiga panja orasidan qarashmas edi.
Gulchehra Normurodovaga kelsak, Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan unga vanihoyat tadbirkorlik faoliyatini oqilona yoʻlga qoʻyishi uchun 36 million soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi ajratildi.
Said MIRZAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Kogon tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.