Millionlab yurtdoshlarimiz his-hayajon, katta umidlar bilan televizor, internet tarmoqlari orqali ogʻir atletikachimiz Akbar Joʻrayevning chiqishlarini kuzatib bordi. Sportchimiz xalqimiz ishonchini oqladi! U Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamizga uchinchi medalni olib berdi. Medal boʻlganda ham OLTIN MEDAL! Tagʻin Olimpiada rekordi bilan!

Dast koʻtarishda 193 kilogramm natija qayd etib, raqobatchisi armanistonlik Simon Martirosyandan 2 kilogramm ortda qolayotgan Akbarjon siltab koʻtarish bahsida raqibini katta farq bilan yengdi. Umumiy natija 430 kilogramm!

Akbar Joʻrayev 1999-yil 8-oktyabrda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Soyliq qishlogʻida tugʻilgan. Qayd etish joiz, bu qishloq terma jamoamiz uchun bir qator mahoratli atletlarni yetkazib bergan. Jumladan, Akbarning oʻzi ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempioni boʻlgan akasi Aziz Joʻrayevga qiziqib, ushbu sportga kirib kelgan. Birinchi murabbiyi Farhod Mirzajanovdan dastlabki saboqlarni olgan. Tokio Olimpiadasiga Bahrom Mendiboyev qoʻl ostida tayyorlandi.

Sportchimiz xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2018-yil erishdi. Akbar Joʻrayev yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor boʻldi.

Shu yilning oʻzida Toshkentda oʻtgan U20 jahon chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, yil yakunida kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida toʻrtinchi pogʻonadan oʻrin oldi.

2019-yil Toshkentdagi yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida olgan kumush medalini Fijida oltinga aylantirdi. Pattayya (Tailand) mezbonlik qilgan kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligida siltab koʻtarish mashqida ikkinchi, ikki kurash boʻyicha esa, toʻrtinchi natijani qayd etdi.

Joriy yil aprel oyida poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida tajribali Ruslan Nurudinov bilan raqobat olib borgan Joʻrayev Olimpiada chempioniga 1 kilogramm farq bilan imkoniyatni boy berib, kumush medal egasi boʻldi.

Endi esa, 2019-yil Toshkentda olgan yoshlar oʻrtasidagi Akbarjon sport olamidagi eng yuqori choʻqqini zabt etdi, dunyoda tengsizligini isbotladi. Oʻzbekiston hisobiga uchinchi medalni qoʻshib qoʻydi.

— Gʻalabadan cheksiz hayajondaman, — deydi Akbar Joʻrayev. — Shohsupaning eng yuqorisida turib, bayrogʻimiz yuqoriga koʻtarilgan, gʻalabamiz sharafiga davlatimiz madhiyasi yangragan paytda koʻnglimdan kechgan tuygʻularni, hayajonni soʻz bilan taʼriflab berolmayman. Bu gʻalabani Mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlayman. Bunday yutuqlar Prezidentimizning sportga qaratayotgan eʼtibori mahsulidir. Parij shahrida oʻtkaziladigan keyingi olimpiadada ham gʻalaba qozonishni, yurtimizga yana bir oltin medal olib berishni oʻz oldimga maqsad qildim.

Vatanimiz bayrogʻini yuqoriga koʻtargan hamyurtlarimizning bunday gʻalabalari mamlakatimizda sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibor oʻz samarasini berayotganining yorqin isbotidir. Bugun bunday yirik gʻalabalar millionlab yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, gʻurur va iftixor bagʻishlamoqda. Oʻzbekiston nomini dunyoga yoymoqda.

Shahzod GʻAFFOROV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri