Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilgari turli kasalliklar bilan ogʻrigan bolalarda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun ota-onalari katta pul sarflab, chet davlatlarga borishga majbur boʻlardi. Lekin bunga hammaning ham qurbi va imkoni yetmasdi. Sharoiti boʻlmaganlar poytaxtdagi markaziy shifoxonalar eshiklarida sargʻayib navbat kutar, bolasini doʻxtirlar qoʻliga hadiksirab topshirardi. Toʻgʻri, chiqimi kamroq edi, ammo tashvishi chet elga borgandan kam boʻlmasdi. Endi esa odamlarning xayoliga ham kelmagan shart-sharoitlar, orzu boʻlib tuyulgan imkoniyatlar haqiqatga aylanmoqda. Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga safarimiz chogʻida bunga yana bir bor amin boʻldik. Oʻsha kuni kasalxonada Toshkentdan kelgan malakali vrachlar bolalarda murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazayotgan ekan.

— Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida bolalarning yuz-jagʻ, lab va tomoq sohasidagi nuqsonlarini bartaraf etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi tizimdagi islohotlar samarasidir, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi vrachi, professor Sunnatilla Gʻafforov. — Bugun malakali shifokorlarimiz bilan 3 bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazdik. Bir tomondan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga tibbiy koʻmak koʻrsatgan boʻlsak, ­ikkinchi ­tomondan, viloyat shifoxonasi vrachlariga oʻz mahoratini oshirishda koʻmaklashdik.

— Sogʻliqni saqlash sohasidagi ijobiy oʻzgarishlar tufayli tibbiy xizmat sifati oshib, onalik va bolalikni muhofaza qilishning oʻziga xos milliy modeli shakllandi, — deydi Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Saida Mirzarahimova. — Hududlarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Viloyatlarda murakkab operatsiyalar tajribali professorlar yordamida amalga oshirilayotganiga markazimiz misolida guvohmiz. Ilgʻor tibbiyot muassasalari ish tajribasini oʻrganish maqsadida markazimiz shifokorlari Germaniya, Avstriya, Turkiya, Ukraina va Rossiyada malaka oshirib keldi. Shifoxonamiz eng ilgʻor tibbiy uskunalar – MRT, zamonaviy laparoskop, rentgen, ultratovush apparatlari bilan toʻliq taʼminlangan. Yaqinda kislorod stansiyasiga ega boʻlamiz. Bu bolalarimizga shoshilinch yordam koʻrsatishda juda katta imkoniyatdir.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish, ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan diagnostika va davolashni yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Xuddi tushga oʻxshaydi

— Oʻgʻlim xastaligini eshitib, gʻamga botdim. Tanish-bilishlar keyingi yillarda tibbiyotda katta oʻzgarishlar boʻlganini aytsa ham yuragimdagi gʻashlik yoʻqolmay, davolatishga pulim yoʻqligidan dilim xira boʻlib turaverdi, — deydi hozirgina operatsiyadan chiqqan parkentlik Umarjonning onasi Aziza opa. — Nuridiydam endigina bir yarim yoshda. Unga koʻz osti gemangiomasi tashxisi qoʻyilgan. Doʻxtirlar bolamni tibbiy koʻrikdan oʻtkazganida, garchi shifokorlarimiz pul toʻlamasligimni aytgan boʻlsa ham, toʻlov qiling desa nima qilaman degan oʻy yuragimni ezaverdi. Biroq hech qanday mablagʻ ishlatmadim, bir soʻmsiz operatsiya qilishdi. Xuddi tushga oʻxshaydi. Hozir gapiryapman-u, koʻzim yoshga toʻlyapti. Bizga shunday shart-sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimiz rahbari doimo sogʻ boʻlsin. Oq xalatli najotkor doʻxtirlarimizning qoʻllari dard koʻrmasin. Bu kunlarning qadriga yetaylik.

Haliyam koʻrganlarimga ishonmayapman

— Nevaramning tili ostida oʻsmasi borligini eshitib, dunyo koʻzimizga tor koʻrinib, zulmatda qolgandek boʻldik, — deydi Ohangaron tumanida yashovchi Lyubov Qoʻshmatova. — Bundan bir oy oldin Toshkent tibbiyot akademiyasiga borib, mutaxassislarga uchrashdik. Yaqinda qoʻngʻiroq qilishib, operatsiya Chirchiqdagi bolalar shifoxonasida oʻtkazilishi haqida xabar berishdi. Poytaxtdan kelgan doʻxtirlar nevaramni qayta koʻrikdan oʻtkazib, bugun operatsiya qilishdi. Bunday imkoniyatlarni hayotim ­davomida hech qachon koʻrmagandim, toʻgʻrisi, haliyam koʻrganlarimga ishonmayapman.

Onaxonning soʻzlarini tinglar ekanman, Prezidentimizning: “Onalarning baxti — farzand. Ana shu baxtni asrash, bemor bolalarning tezroq sogʻayishi, sogʻlomlari kasal boʻlmasligi uchun hamma harakatlarni qilamiz”, degan soʻzlari quloqlarim ostida aks-sado berdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri