баннер
30 Mar 2025
21:24

    “Bu operatsiyani hech qayerda qilib boʻlmaydi” deyishgandi...»

    Bolalar milliy tibbiyot markazida yana bir noyob operatsiyaga qoʻl urildi.

    Yaʼni kardioxirurgiya boʻlimi mutaxassislari qashqadaryolik 13 yoshli bemorda dunyo miqyosida kam kuzatiladigan yurak nuqsoni, yaʼni ebshteyn anomaliyasi boʻyicha jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazishdi.

    Bu xastalik barcha yurak nuqsonlarining 0,5 foizida uchrashi bilan ham ajralib turadi. Bu holatda trikuspid qopqoq, yaʼni yurakning uchta pardasi notoʻgʻri rivojlanadi va natijada qon aylanishi buziladi.

    Yuqori malaka va yuksak texnologiyalarni talab qiladigan ushbu amaliyot usuli orqali yurak qopqogʻi tiklanib, uning tuzilmasi va faoliyati meʼyoriy holatga keltirildi.

    Bemor hozirgi paytda oʻzini yaxshi his etyapti. Tabiiyki, bundan uning onasi Nargiza Sultonova juda baxtiyor.

    — Bolamning kasalligi 4 yoshida maʼlum boʻlgan edi, — deydi ona. — Shundan buyon koʻp joylarga murojaat qildik. Hatto, “Bu operatsiyani hech qayerda qilib boʻlmaydi”, deganlar ham topildi. Mana, qilsa boʻlarkan-ku. Biz viloyatdagi shifokorlar tavsiyasi bilan poytaxtga, bu markazga keldik. Kelib toʻgʻri qilgan ekanmiz. Bolam hozir juda yaxshi. Bundan shodman. Farzandim tuzalishiga sababchi boʻlayotgan barcha tibbiyot xodimlaridan minnatdorman...
    Telegram kanalimiz
    Text to speech