Buni gʻarblik olimlar ham eʼtirof etadi. Britaniyalik ekspertlar R.Alison va L.Jonson fikricha: “SHHT umumiylik yoki umumiy maqsad negizida yuzaga kelmagan. Boshqa halqaro tashkilotlarda avval institutlar shakllanib, ular keyin mazmun bilan toʻldirilgan. SHHT esa avval tor masalalar yuzasidan kelishuvga erishish va shu asosda kun tartibini kengaytirib borish yoʻlidan borgan”.
Buni SHHT Xartiyasida oʻz ifodasini topgan “adolatli dunyo tartiboti” va “halqaro munosabatlarni demokratlashtirish” kabi maqsadlarida koʻrish mumkin. Bu tashkilot mohiyatini tushunishda, gʻarbda eʼtirof etilgan realizm, liberalizm va, hatto konstruktivizm nazariyalarini qoʻllab boʻlmaydi, chunki ushbu nazariyalarning negizida: “xalqaro munosabatlarda yirik davlatlarning manfaatlari asosiy boʻlib, kichik mamlakatlar bu “oʻyin qoida”lariga rioya qiladi”, degan gʻoya yotadi. Ushbu tashkilot umuman yangi geosiyosiy, iqtisodiy va sivilizatsiyaviy shart-sharoitlar taʼsirida qaror topganligini inobatga olib, SHHTni “yangi mintaqaviylik” nazariyasi doirasida oʻrganish maqsadga muvofiqdir. Bu tashkilotning oʻziga xos xususiyatlarini ochishda uning 2002-yilda qabul qilingan Xartiyasiga murojaat qilsak boʻladi. Unga muvofiq, “Shanxay ruhi” asosida “oʻzaro ishonch”, “oʻzaro manfaat”, “tenglik”, “oʻzaro maslahatlashuv”, “madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat”, “birgalikda rivojlanishga intilish” kabi tamoyillar yotadi. Bundan tashqari, Xartiyada yana ikkita muhim asos mavjud:
- SHHTning boshqa davlatlar va halqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmaganligi;
- Qarorlarning konsensus (kelishuv) asosida qabul qilinishi tamoyillarining amal qilishi.
Yuqoridagi doktrinal ahamiyatga ega tamoyillar SHHTning “yangi mintaqaviylik” namunasi sifatida qaror topishi va rivojlanishini mintaqa va dunyo hamjamiyatiga qoʻshayotgan hissasida koʻrish mumkin.
SHHT tashkiloti tuzilgan paytda, Markaziy Osiyo mamlakatlari yosh, diplomatik tajribasi kam va siyosiy-iqtisodiy jihatdan ojiz boʻlishiga qaramasdan Rossiya va Xitoy bilan, umuman olganda, teng va oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erisha oldi. Kelgusida jiddiy hududiy bahs va ziddiyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari XXR oʻrtasida chegaralar masalasining “Shanxay beshligi” doirasida uzil-kesil hal qilinishi – mintaqada strategik barqarorlikni taʼminlabgina qolmay, koʻptomonlama hamkorlik uchun qulay zamin ham yaratib berdi.
Oʻzbekistonning mintaqada shunday nufuzli SHHTga – Xitoy xalq Respublikasi, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari bilan birgalikda toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirishi – davlatimiz rivojida va qoʻshnichilik siyosatida yangi sahifani ochib berdi. SHHT davlatlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, taʼlim va halq diplomatiyasi, hatto mudofaa sohalarda hamkorlik kuchaydi. Ayniqsa, iqtisodiy, huquqiy ijtimoiy-madaniy va taʼlim sohalarida davlatlarimiz oʻrtasida ikki taraflama va koʻp qirrali xalqaro loyihalar 2018-yilda qabul qilingan “Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroridan soʻng amalga osha boshladi. Ushbu qaror asosida 2018-yil Toshkentda “SHHT – xalq diplomatiyasi Markazi” oʻz faoliyatini boshladi. Qisqa vaqt ichida SHHT davlatlari oʻrtasida ijtimoiy-madaniy, halqaro huquq, taʼlim, tasviriy sanʼat va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi va halqlarimiz oʻrtasida doʻstona munosabatlar yanada kuchaydi.
Shuningdek, Alisher Navoyi kutubxonasida “SHHT bilim zali” ochildi. 2019-yildan boshlab pandemiya sharoitida odamlarning ruhini koʻtarish uchun Toshkent shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining barcha sakkiz davlat musiqasi oʻzbek artistlari tomonidan ijro etilib, SHHT davlatlar aʼzolariga elektron shaklida yuborilmoqda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universitetda ilk bor Shanxay Hamkorlik Tashkilotining “Lider ayollar forumi” oʻtkazildi. Xalqaro tinchlik kuniga bagʻishlab Maktabgacha taʼlim vazirligi, YUNESEF xamkorligida SHHT davlatlari bogʻcha bolajonlarining rasmlar koʻrik tanlovi, yoshlar orasida SHHTni faoliyatini targʻib etuvchi “Model SHOS” nomli oliy taʼlim talabalari oʻrtasida intellektual tadbirlar oʻtkazildi. SHHTning 20 yilligiga, Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda ”Oʻzbekiston va SHHT: barqaror rivojlanish hamkorligi” mavzusidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar, shu jumladan, davlat rahbarlarining 2017-2020-yillardagi muzokaralari natijasida Oʻzbekiston-Xitoy strategik sherikchiligi sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. 2019-yilda Xitoyning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalari hajmi 9,8 milliard dollardan oshdi, 100 million dollarga yaqin miqdorda turli grantlar jalb etildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning SHHTdagi xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yoʻnaltirilgan 10 dan ortiq tashabbusi amalga oshirildi va Oʻzbekiston SHHTda yangi platformalarni yaratish boʻyicha tashabbuskorga aylandi. Yana shuni taʼkidlash lozimki, SHHTga avval kuzatuvchi, soʻng toʻlaqonli aʼzo boʻlib Hindiston va Pokiston kabi yirik davlatlarning qoʻshilishi siyosiy maydonda davlatimiz nufuzini yanada ortishiga sabab boʻldi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalarni umumlashtirsak, Oʻzbekistonning SHHT bilan oʻzaro manfaatli, toʻlaqonli, doʻstona hamkorligi, uning xalqaro munosabatlarda yangi bosqichga koʻtarilib, jahon miqyosidagi siyosiy nufuzi keskin kuchayganligini koʻramiz.
Fozil SULTONOV,
Respublika manaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi