Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrugʻi (14.07.2025-y. AV roʻyxat raqami 3649) bilan Koʻchmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 05.03.2025-yildagi «Koʻchmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida«gi PF-43-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ommaviy baholash Kadastr agentligi huzuridagi Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan oʻtkaziladi.
Ommaviy baholashni oʻtkazish tartibi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- obyektlar qiymatini aniqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni, shu jumladan koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilish;
- ommaviy baholanishi lozim boʻlgan obyektlarni guruhlash;
- narx va baholash boʻyicha koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida obyektlarni segmentlash yoʻli bilan ommaviy baholanishi lozim boʻlgan hududlarni zonalashtirish;
- narxni shakllantiruvchi omillarni va ularning obyektlar qiymatini aniqlashga taʼsir darajasini (koeffitsiyentini) aniqlash;
- obyektlar qiymatini aniqlash;
- ommaviy baholash natijalarini tasdiqlash.
Ommaviy baholashni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
- 2025-2026-yillarda – tajriba tariqasida Toshkent shahrida;
- 2026-2027-yillarda – Nukus shahri va viloyat markazlarida;
- 2027-yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.
Quyidagi maʼlumotlar olinadi va tahlil qilinadi:
- narxni shakllantiruvchi omillar;
- elektron savdo maydonchalari, shu jumladan obyektlarni sotish va ijaraga berish, shuningdek, koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha tashkilotlarda tuzilgan notarial tasdiqlangan bitimlar toʻgʻrisidagi eʼlonlar, shuningdek, tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlarining obyektlarning garov qiymatini oʻz ichiga olgan maʼlumotlari;
- turli baholash yondashuvlari doirasida obyektlar qiymatini aniqlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.07.2025-yildan kuchga kirdi.







