Bu yilgi “Yashil makon” loyihasi doirasida qancha koʻchat ekilgani maʼlum qilindi

    Yashil sayyora 21 Dekabr 2023 1129

    AOKAda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda bu haqda batafsil maʼlumot berildi.

    Bu yilgi “Yashil makon” loyihasi doirasida qancha koʻchat ekilgani maʼlum qilindi

    AOKAda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda bu haqda batafsil maʼlumot berildi.

    Taʼkidlanishicha, loyiha doirasida respublika hududlarida jami 91 mln tup, yaʼni rejaga nisbatan 107 foiz daraxt koʻchatlari ekildi.

    Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanining togʻ va togʻoldi hududi 580 gektar maydonida vazirliklar, idoralar va tijorat banklari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 320 ming tup turli xildagi manzarali, mevali daraxt koʻchatlari ekilib, yangi bogʻlar barpo etilmoqda.

    Bundan tashqari, mavjud 196 ta chiqindi poligonlari atrofida tez oʻsuvchi daraxt turlaridan ixota daraxtzorlari barpo etish loyihasi ishlab chiqilib, hozirgi kunda 182 ming tup daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

    Taʼkidlash joizki, atrof-muhitga taʼsir xavfi I va II toifadagi sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbogʻ”lar barpo etish maqsadida 1 mln 873 ming, oʻrmon fondi yerlarida oʻrmon barpo etish maqsadida esa 5 mln 186 ming tup daraxt koʻchatlari ekildi.

    Asosiysi, sugʻorish tizimlari bilan taʼminlash maqsadida hududlarda 893 ta suv chiqarish quduqlari qazildi va 1058,7 km uzunlikda sugʻorish tizimlari joriy etilib, suv manbasi boʻlmagan hududlarga koʻchatlarni sugʻorish uchun 610 ta maxsus texnikalar jalb etildi.

    Joriy yil kuzgi mavsumda Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tupdan – jami 2 mln tup, maktabgacha taʼlim muassasalariga 836 ming tup, Ekologiya vazirligi tomonidan sogʻliqni saqlash muassasalariga 900 ming tup koʻchat bepul yetkazib berildi.

    Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan oʻrmon fondining choʻl hududlari, yaʼni Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida bugungacha 198 ming gektar, shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 20 ming gektar va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Buning uchun jami 856 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻlari jamgʻarildi. Oʻrmon xoʻjaliklarida iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlaridan 150 gektar maydonda niholxona va koʻchatxonalar tashkil qilindi.