Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “New sight media” studiyasi hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi bilan hamkorlikda suratga olingan “Ona yurt kuychisi” hujjatli filmi namoyishi soat 18:00 da Adiblar xiyobonida boʻlib oʻtadi.
Mazkur film “Xalq yuragi” turkumi ostida tayyorlangan boʻlib, Naim Karimov ssenariysi asosida suratga olingan. Rejissyor Ibrohim Rasulov, operator Ahmadjon Sodiqov, kompozitor Doniyor Agzamov, rassom Komil Allaberganov.
Shoir Mirtemir “Hamid Olimjon tugʻma va nodir talant edi. Uning qonida, oʻzligida, koʻz qorachigʻida, toʻqson ikki tomirida tugʻma bir zukkolik, shoirona bir sajiya, bilgichlik, burrolik, nurbaxshlik, yorqin qalb va adab ayon”, deya yozgan edi. Tasvirlarni kuzatar ekansiz, bosh qahramon xarakterida mana shunday xislatlarni koʻrasiz.
Taʼkidlash joiz, Adiblar xiyobonida boʻlib oʻtayotgan barcha premyeralar “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida boʻlib oʻtmoqda.
Ikki sheʼriy drama, 200 ga yaqin sheʼr, 4 ta ballada, 9 ta doston, oʻnlab publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar yaratgan ijodkor uchun Xalq sevgisi, azaliy oʻzbekona qadriyatlarga sadoqat ilhombaxsh qudrat boʻlgan. Uning asarlari har qaysi davrda oʻquvchilar uchun eng qimmat durdona boʻlib qolaveradi.
Feruza MUXTOROVNA