Kuzatuv, tahlil, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, mahsulotlar bozorini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni tijoriylashtirish ana shu jarayonning bir boʻlagi. Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktor vazifasini bajaruvchi Farhod Jumayev bilan suhbatimiz innovatsion loyihalarning global miqyosda muvaffaqiyat qozonishi, bu boradagi saʼy-harakatlar xususida boʻldi.
— Ishimizni mamlakatimiz va xalqimizning birlamchi ehtiyojlariga qaratyapmiz. Faoliyatimizni yanada rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan rejaga koʻra, endi asosiy urgʻu iqtisodiyotning real sektori, ijtimoiy soha ehtiyojlari va mavjud bozorni oʻrgangan holda innovatsion biznes gʻoya shakllantirishdan tortib, uni amaliyotga joriy qilishgacha boʻlgan barcha bosqichga qaratiladi, — deydi F.Jumayev. — Bu jarayonda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Plug and Play, Seedstars kabi yirik xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik malakali mutaxassislar va mentorlar ishtirokida xalqaro standartlarga mos biznes reja tuzish, startaplarni akseleratsiya va inkubatsiya qilish orqali rivojlantirish, loyihalarga investorlar topish va uni jahon bozoriga olib chiqish ishlari bajariladi. Bundan kutilayotgan asosiy natija esa Innovatsiyalar milliy ofisining olimlar, innovatorlar va iqtisodiyotning real sektori oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qilishi, ushbu aloqalar doirasida ehtiyoj mavjud boʻlgan sektorlarni rivojlantirishdan iborat. Bu oʻrinda Global innovatsion indeksda yuqori oʻrinlarni egallagan Germaniya, Shveysariya, Vengriya va Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlar tajribasi oʻrganilib, yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlanmoqda. Bu tajriba turli startap, innovatsion loyihalarning global miqyosda muvaffaqiyatli taqdim etilishi, shuningdek, iqtisodiyot va innovatorlar oʻrtasida doimiy samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi bilan eʼtiborga molik.
— Oʻzbekistondagi innovatsion muhit qanday? Innovatorlar uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma yaratilganmi?
— Rivojlanishning hozirgi bosqichida sanoatdan innovatsion iqtisodiyotga oʻtish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu esa axborot, yuqori texnologiyalar, shuningdek, intellektual faoliyat natijalaridan foydalanishga asoslangan. Bugun hech bir soha innovatsiyalarsiz taraqqiy eta olmaydi.
Rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy tizimi uzoq vaqtdan beri innovatsion tadbirkorlik va tuzilmalarni yaratish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tijoriylashtirishga qaratilgan. Yurtimizda bu borada muayyan qadamlar qoʻyilgan. Besh yil avval tashkil etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozirgi agentlik) faoliyati buning yaqqol isbotidir.
2019–2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishi natijasida qishloq xoʻjaligi, energetika, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarida texnologik rivojlanish va innovatsiyalarni joriy etish va ragʻbatlantirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Muhimi, inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha qator ishlar bajarilib, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi qamrov sezilarli darajada kengaydi.
Innovatsion muhit, innovatorlarga sharoit yaratish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, oʻtgan yili 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilindi.
Barcha vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan yirik tashkilotlarning rahbari oʻrinbosarlariga innovatsiyalarni joriy etish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga masʼul boʻlinmalar tashkil etildi.
Innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmogʻida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq qilish, inson kapitali, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish maqsadida Innovatsiyalar milliy ofisi BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda tarmoq korxonalardagi innovatsiya boʻyicha masʼul boʻlinma rahbarlari uchun xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida muntazam maxsus seminarlar tashkil etadi.
Seminarlarda Innovatsion rivojlanish strategiyasi oldiga qoʻyilgan vazifalarning oʻzaro mutanosibligi, tarmoq korxonalar uchun aylanma iqtisodiyotni transformatsiya qilish va unda innovatsiyalarning roli haqida maʼlumot berib boriladi.
Yosh olimlar va innovatorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning konseptual yangi avlodini tayyorlash maqsadida “Yoshlar akademiyasi” tashkil etildi. Hozir uning aʼzolari 3800 nafar. Ilmiy va startap loyihalarni amalga oshirish hamda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tadbirlar platformasi yaratildi.
— Startap ekotizimini rivojlantirish borasida qanday ishlar qilinmoqda?
— Startap ekotizimini shakllantirish borasida startap loyihalarga grant mablagʻlari ajratish, startap jamoalarini akseleratsiya va inkubatsiya dasturlaridan oʻtkazish tizimi joriy etilib, 176 startap moliyalashtirildi va qoʻllab-quvvatlandi.
Innovatsiyalar milliy ofisi bugunga qadar innovator va kreativ yoshlar bilan hamkorlikda dasturlash, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Ular orasida alohida eʼtiborga moliklari koʻp. Foydali mobil ilovalar yaratishda ham yangicha, ijodiy yondashadigan yoshlarimiz ortda qolayotgani yoʻq. Ulardan biri — Saodat Sodiqova boshlangʻich sinf oʻquvchilari va umuman, xorijiy tilni endi oʻrgana boshlaganlar uchun ingliz tilini oʻrgatuvchi “Easy Enjoyable English” mobil ilovasini yaratdi. Loyihaning asosiy vazifasi oʻquvchilarning chet tilini mustaqil, oʻyin va interaktiv mashqlar yordamida oʻrganishiga koʻmaklashish. Ilova turli mavzularga asoslangan bir necha boʻlimdan iborat boʻlib, juda yorqin va qiziqarli interfeysga ega.
Sardor Bozorboyev esa “Kun testi” deb nomlangan kreativ mobil ilova ishlab chiqdi. Uning yordamida maktab oʻquvchilari turli fanlarga oid kundalik testlar orqali bilimini sinash va oʻrganilgan maʼlumotlarni mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi. Reyting ball toʻplash orqali oy yakunida gʻolib boʻlish ham mumkin. Bundan tashqari, oʻquvchilarning ota-onalari uchun natijalar statistikasini doimiy koʻrib borish imkoniyati mavjud.
Toshkent shahrida “Innovatsion inkubatorlar markazi” MCHJ Innovatsiyalar milliy ofisi koʻmagida startap loyihani amaliyotga muvaffaqiyatli joriy qildi. Xonada muntazam tozalik boʻlishini, havo almashinuvini taʼminlab beruvchi rekuperatorlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan moliyalashtirildi. Maxsus havotozalagich xonani changdan, noxush hid va zararli birikmalardan tozalab, kislorodga boy, musaffo havoni taʼminlab beradi.
Innovatsiyalar milliy ofisi koʻmagida mahalliy xomashyolar asosida karyerlarning avtomobil yoʻlidagi changni bostirish uchun preparatlar yaratish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha samarali loyiha joriy etildi.
Loyiha doirasida mahaliy xomashyo — kraxmal va kalsiy xloridi asosida changni bostiruvchi preparatlar sintez qilinib, chang bostiruvchi preparatlarning samaradorligi komponentlarning nisbati va tabiatiga bogʻliqligi aniqlandi. Preparat qoʻllanishi natijasida karyer avtomobil yoʻlidagi tuproq mustahkamligi bir necha barobar ortishi aniqlangan. Albatta, bu kabi innovatsion startaplar juda koʻp, muhimi, ular jamiyat rivojiga hissa qoʻshayapti.
— Tibbiyot sohasidagi izlanishlar, startap gʻoyalar va ularning amaliyotga tatbiqi haqida ham toʻxtalsangiz.
— Innovatsiyalar milliy ofisi faoliyati doirasida “Yoshlar akademiyasi” bilan hamkorlikda turli sohalarga tegishli koʻplab startaplarni rivojlantirish va joriy qilishda koʻmaklashmoqda. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan startaplar orasida tibbiyotga tegishlilari talaygina. Misol uchun, Innovatsiyalar milliy ofisi “Innovative Developers” MCHJ bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hamda Samarqand viloyati Urgut tumanida “Telemed Clinic” telemeditsina xizmatlari koʻrsatuvchi innovatsion klinikalar ochdi. Ularda kardiologiya, terapiya, otorinologiya, LOR, nevrologiya, dermatovenerologiya sohalari boʻyicha davolash ishlari, shuningdek, UTT, EKG, EEG, dermatoskopiya, oftalmoskopiya, otoskopiya, umumiy peshob tahlili, qondagi qand miqdorini aniqlash va boshqa laborator hamda instrumental tekshiruv usullari orqali bemorlarga aniq va toʻgʻri diagnostika qoʻyish, davolash, tibbiy maslahat berish ishlari bajarilmoqda. Buning uchun klinika faoliyatiga zarur boʻlgan 10 dan ortiq telemeditsina uskuna va jihozlari xorijdan keltirildi.
Tibbiyotga doir innovatsion loyihalardan boʻlgan “Donor top” veb-sayti va mobil ilovasi ham eʼtiborga molik. Fargʻona viloyatining Raqamli texnologiyalar markazi xodimlari ishlab chiqqan ushbu platforma Gematologiya va qon quyish markazi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, ilova orqali yagona donorlik markazi shakllantiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, shifoxonalar va tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlari faoliyatini takomillashtirish, donorlik navbatini qisqartirishga xizmat qiladi. Donortop.uz platformasi qon va qon beruvchilarga bogʻliq. Mamlakatimiz boʻyicha mavjud talablarga muvofiq noyob qon guruhlari, qon bilan bogʻliq kasalliklar haqida maʼlumot taqdim etadi. Shuningdek, qon berishi mumkin boʻlgan donorlarni topib beradi.
— Xorijda ishlab chiqilgan texnologiyalar transferini amalga oshirish va mahalliylashtirish nimalarda koʻrinayapti?
— Innovatsion rivojlanish strategiyasiga asoslangan holda xorijiy texnologiyalarni transfer qilish, innovatsion ekosistemani rivojlantirish borasida koʻplab yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilyapmiz. Asosiy xalqaro hamkorlarimiz va ular bilan amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar haqida koʻp gapirish mumkin. Masalan, joriy yilda Innovatsiyalar milliy ofisi va dunyoning yetakchi innovatsion platformasi boʻlgan “Plug and Play” venchur fondi oʻrtasida memorandum imzolandi.
“Plug and Play” platformasi dunyo boʻylab 50 dan ortiq vakolatxonani birlashtirgan global tarmoqqa ega yirik kompaniya. Asosiy faoliyati startaplarni rivojlantirish, akseleratsiya dasturlarini joriy qilish va jahonning yetakchi strategik bozorlarida oʻziga xos maydon taqdim etish orqali isteʼdodli yoshlar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Memorandum doirasida startaplarni qoʻllab-quvvatlash, texnologiyalar transferi, innovatsiyalarni joriy qilish, Germaniya va boshqa ilgʻor davlatlarning yirik texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik oʻrnatish koʻzda tutilgan.
Startaplarni rivojlantirish boʻyicha yana bir yirik hamkorimiz Vengriyaning “Startup Campus” kompaniyasi. U biznes gʻoyani muvaffaqiyatli startapga aylantirishgacha boʻlgan barcha bosqich, jumladan, biznes reja tuzish, marketing, menejment, sotuv, bozorga kirish va investorlarni jalb qilish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatadi. “Startup Campus” kompaniyasi Budapesht shahrida tashkil etilgan, Yevropaning barcha mamlakati bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Hamkorlikda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, ulardan biri InnoGen Youth Program dasturidir. Ushbu dasturda oʻzbekistonlik 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan olimlar tijoriylashtirishga qaratilgan innovatsion loyihalari bilan qatnashishi mumkin. Dastur doirasida saralab olingan loyiha asoschilari Yevropaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari va laboratoriyalarida tadqiqot, amaliyot dasturini oʻtab, gʻoyalarini yevropalik biznes-akselerator mutaxassislari bilan hamkorlikda tijoriylashtirish darajasida rivojlantiradi.
Navbatdagi yirik hamkorimiz sinov, tekshirish va sertifikatlashtirishga ixtisoslashgan, 1828-yilda Fransiyada tashkil etilgan yirik “Bureau veritas” kompaniyasi boʻlib, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat kabi sohalarda faoliyat yuritadi. Joriy yilda Innovatsiyalar milliy ofisi va mazkur kompaniya oʻrtasida memorandum imzolangan. Unga koʻra, kimyo va xalqaro standartlashtirishni oʻtkazish boʻyicha ikki tomonlama manfaatli qoʻshma tadqiqot dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish, oliy oʻquv yurtlarida xalqaro standartlarga javob beruvchi sinov markazlari tashkil etish hamda ularni xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish masalasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Joriy yil mart oyida Shveysariyada oʻtkazilgan BMT Taraqqiyot uchun fan va texnologiyalar komissiyasining 26-sessiyasida qatnashish uchun safar doirasida innovatsiyalar va texnologik transferlar sohalarida yuqori malakaga ega yana bir kompaniya vakillari bilan uchrashib, dastlabki hamkorlikni oʻrnatishga muvaffaq boʻldik. Bu kompaniya Shveysariyaning innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tajribaga ega yirik “Seedstars” kompaniyasi boʻlib, u bilan hamkorlik doirasida mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida biznes-inkubatorlarni tashkil qilish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash ustida ishlashga kelishib olindi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.