Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Qozogʻistonning Olmaota shahri shaxmatning rapid va blis yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda.

Umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million AQSH dollarini tashkil etgan jahon birinchiligining ikkinchi kungi bahslaridan soʻng eng yaxshi natijani kutilganidek Nodirbek Abdusattorov qayd etib turibdi.

Rapid yoʻnalishida amaldagi jahon chempioni, oʻz unvonini himoya qilayotgan Nodirbek oʻtkazilgan 9 partiyada 7 ochko jamgʻarib, 178 shaxmatchi orasida qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra 3-oʻrinni egallab turibdi. Ikkinchi pogʻonada borayotgan rossiyalik Vladimir Fedoseyev hisobida ham 7 ochko bor.

Jahon toji sohibi Magnus Karlsen esa 7,5 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilyapti. Abdusattorov 9 partiyaning 6 tasida gʻalaba qozondi, ikki bor durang oʻynadi va faqat norvegiyalik Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berib qoʻydi.

9-turdan keyin shaxmatchilarimiz egallab turgan oʻrinlar:

3. Nodirbek Abdusattorov - 7 ochko

30. Nodirbek Yakubboyev - 5,5

79. Javohir Sindarov -5

89. Shamsiddin Vohidov - 4,5

115. Muhiddin Madaminov - 4

123. Jahongir Vohidov - 4

142. Muhammadzohid Suyarov - 3,5

161. Humoyun Begmuratov - 3

Ayollar oʻrtasida kecha 4 ta partiya oʻynaldi. Qizlarimizdan eng yaxshi natijaga Umida Omonova erishib turibdi. Kecha u 3 gʻalaba va bir durang natija qayd etdi. Omonova qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra 4,5 ochko bilan 89-pogʻonadan 40-oʻringa koʻtarilib oldi. 27-oʻrinni egallab turgan shaxmatchida ham 4,5 ochko bor.

Uzoq tanaffusdan soʻng terma jamoaga qaytgan mamlakatimizning birinchi ayol grossmeysteri Nafisa Moʻminova esa 8 imkoniyatdan 4 ochko jamgʻardi va qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra 98 ishtirokchi orasida hozircha 44-pogʻonaga joylashgan.

Qizlar:

40. Umida Omonova - 4,5 ochko

44. Nafisa Moʻminova - 4

64. Afruza Hamdamova - 3,5