Joriy yil yakunlariga bagʻishlangan tadbirda Butunjahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espinos, Osiyo karate federatsiyasi prezidenti, general-mayor Nasir Al Razuqi, Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston karate WKF federatsiyasi raisi Rashid Talipov, shuningdek, qitʼamizning karate oilasi vakillari ishtirok etishdi.
O.Kasimov ushbu nufuzli musobaqani oʻtkazishdek masʼuliyatli vazifani mamlakatimizga ishonib topshirilgani uchun Butunjahon karate federatsiyasiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan chempionat yuqori saviyada tashkil etilishi, mehmonlar oʻz yurtlariga katta taassurotlar bilan qaytishlarini qoʻshimcha qildi.
Kongress davomida Osiyo karate federatsiyasi tomonidan 2022-yil amalga oshirilgan ishlar, yutuq va kamchiliklar muhokama qilinib, kelgusi yil rejalari belgilab olindi. Qayd etish joiz, 2023-yil Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtadigan Osiyo oʻyinlari dasturiga ham karate kiritilgan, rasmiylar mazkur kompleks musobaqa tayyorgarligiga alohida yondashish zarurligini taʼkidlashdi.









