Hassa suyanib ohista odimlab borayotgan mahalladoshim Abdulxay otani qishloqqacha olib ketish uchun mashinani toʻxtatdim. Salom-alikdan soʻng, bir necha kundan buyon koʻrinmay qolgani sababini soʻradim.

— Soʻxlik jiyanlarim mehmonga olib ketishuvdi. Bormaganimga ancha boʻlgandi. Ochigʻi, Soʻxni koʻrib tanimadim, juda obod boʻlib ketibdi. Odamlar oʻzlariga koʻrsatilayotgan eʼtibordan, gʻamxoʻrlikdan minnatdor, ichlariga sigʻmay yuribdi. Borib-kelish ham osonlashibdi, ortiqcha ovoragarchilik, qogʻozbozlik yoʻq. Mashinada emin-erkin borib keldim. Yoʻllar, ichimlik suv, elektr taʼminoti yaxshilanganini, yangi yerlarga suv olib borilganini, koʻrkam binolarni qoʻrib quvondim. Mehnat qilgan odam kam boʻlgani yoʻq. Dasturxoni toʻkin-sochin.

Darhaqiqat, qadim goʻshaning bugungi qiyofasini bundan uch-toʻrt yil avvalgi holat bilan qiyoslab boʻlmaydi. Tumanda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, oilalar farovonligini taʼminlash, maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish yoʻlidagi talay muammolarga yechim topildi. Aholi bandligini taʼminlash maqsadida yangi sanoat va ishlab chiqarish korxonalari bunyod etish, tadbirkorlikka sharoit yaratish va ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish koʻlami kengaydi.

Hududda sanoat mahsulotlari turini koʻpaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud imkoniyat, xomashyo va boshqa resurslardan samarali foydalanish, mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish hisobiga 146 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Birgina xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish hisobiga 314 milliard soʻmlik 185 ta loyiha amalga oshirilyapti. Yarim yil yakunlari boʻyicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi oʻsish surʼati 106,8 foizni tashkil etdi.

 Tumanda yer maydoni 7,1 gektar boʻlgan 4 ta kichik va yoshlar sanoat zonasi tashkil etilib, umumiy qiymati 44,8 milliard soʻm boʻlgan 44 ta loyihani ishga tushirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

— Prezidentimizning “2020–2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan islohotlar soʻxliklar hayot tarzini butunlay oʻzgartirib yubordi, — deydi tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev. — Buni amaliy ishlar, raqamlardan ham bilsa boʻladi. Joriy yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida 3,9 million dollar qiymatidagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oʻzlashtirilishi hisobiga sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida 62 ta loyiha ishga tushiriladi. Buning hisobiga 70 milliard soʻmdan ortiq qoʻshimcha sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, xizmat koʻrsatish tarmoqlari koʻpayadi. Qiymati 98 million dollar boʻlgan 40 ta yangi loyihani shakllantirish borasida ish olib boryapmiz. Hozirga kelib, 42,9 million dollar boʻlgan 9 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlandi. Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 24 nafar tadbirkor bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga koʻra, 2366 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

“Arslon ekspres invest” MCHJ tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, “Soʻx Shafran eksport” kooperativi tomonidan shafran dorivor mahsulotlari yetishtirish va qadoqlashni yoʻlga qoʻyish, travertin, gips, koʻmir konlarini oʻzlashtirish hisobiga ham sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.

 Ilgari hech kim ishonmasdi

Yaqin-yaqingacha soʻxliklar xorijga sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qiladi desa, hech kim ishonmasdi. Bu yil soʻxlik tadbikorlar saʼy-harakati bilan 9,2 million dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu kunga qadar amalga oshirilgan eksport miqdori 4 million dollardan oshdi. Joriy yilning oʻzida 5 ta yangi eksportchi korxona faoliyat boshladi.

“AVILON – SOʻX TEXTILE” MCHJ tikuvchilik korxonasi ana shunday istiqbolli loyihalar sirasiga kiradi. “Devayron” mahalla fuqarolar yigʻinida ish boshlagan korxona mahallalarda ishsiz oʻtirgan 100 ga yaqin xotin-qizni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi. Bu yerda mahalliy xomashyodan bolalar va kattalar mavsumiy trikotaj kiyimlari ishlab chiqarilyapti.

— Shu kunga qadar Rossiya va Ozarbayjonga umumiy qiymati 300 ming dollardan ziyod mahsulot eksport qildik, — deydi tikuvchilik sexi nazortachisi Flyura Boʻtayeva. —Bu oxirgisi emas, albatta. Yil oxiriga qadar eksport hajmini bir million dollarga yetkazamiz. Qoʻshimcha quvvat ishga tushirilishi hisobiga yana 200 nafar aholi ishli boʻladi. Korxona qoshida qisqa muddatli oʻquv kursi faoliyatini ham yoʻlga qoʻydik. Tikuvchilikka qiziqqan yoshlar shu kursda nazariy va amaliy bilim olishlari uchun kerakli sharoitlar yaratilgan.

Keng va yorugʻ xonalarda zamonaviy uskunalarni boshqarayotgan ishchi-xizmatchilar oʻz ishlaridan xursand. Quvonmay boʻladimi, axir. Kechagina uy yumushlaridan nariga oʻtmagan qishloq ayollari tikayotgan bejirim, pishiq-puxta kiyim-kechaklar ichki va tashqi bozorda sotilmoqda.

Nargiza Qodirova “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻinida yashaydi. Ikkinchi guruh nogironi, bir farzandi bor, ishsizligi bois birinchi toifa ”Temir daftar”ga kiritilgan.

— Tikuvchilik malakasiga egaman, — deydi Nargiza. — Ammo uy sharoitida ishlash uchun imkoniyatim yoʻq. Menga shu korxonada ish bor, ishlaysanmi, deyishdi, jon-jon deb rozi boʻldim. Bu yerda barcha sharoitlar bor, oyligimiz ham, mehnatimizga yarasha. Bepul tushlik, ishga kelib-ketish uchun transport ajratilgan. Olis qishloqda, aholi farovonligini koʻzlab yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar haqida har qancha gapirsam, oz.

Keyingi ikki yilda qurilish sohasida 80 dan ortiq sanoat korxonasi tashkil etildi. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tuman sanoat ulushining 30–40 foizini tashkil qilmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqarish zonalari uchun kerakli boʻlgan muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurish, elektr, suv va gaz bilan muntazam taʼminlash ishlari alohida eʼtiborda.

Loyqa suvni tinitib ichardik

“Lembur” mahalla fuqarolar yigʻiniga ham toza ichimlik suv kirib bordi. Bu yerda yangi loyiha doirasida 2 ta tik quduq qazilib, suv minorasi oʻrnatildi, 13 kilometrdan ortiq tarmoq tortildi. Asrlar davomida daryoning loyqa suvini isteʼmol qilib kelishgan aholi yaratilgan imkoniyatlardan juda mamnun.

— Esimni taniganimdan buyon loyqa suv tashib kelib, tindirib, qaynatib ichganmiz, — deydi uy bekasi Gulhayo Mirzayeva. — Bu holat ayniqsa, bolalar oʻrtasida turli yuqumli kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʻlardi. Ming shukrki, hamma qiyinchiliklar ortda qoldi. Bugun hammaning uyida suv tarmogʻi bor. Endi shu suvdan isrof qilmasdan foydalanishimiz kerak.

Bundan uch-toʻrt yil oldin tumanda aholini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasi bor-yoʻgʻi 20 foiz edi. Bugungi kunda bu boradagi koʻrsatkich salmogʻi qiriyib 90 foizdan oshdi. Shu kunga qadar “Oftobru”, “Hazrat Ali“ ”, “Qalacha”, “Soʻx”, “Navobod”, “Gʻaznov”, ”Tul”, “Sohibkor” mahalla fuqarolar yigʻinlari va Malbud massivi aholisi uchun yangi tarmoqlar tortildi.

 “Obshirsoy” suv tozalash tarmogʻi ham ishga tushirildi. Endilikda hududdan oqib oʻtgan buloq suvlari shu yerda jamlangach, zararsizlantirilib, tozalanib “Ravon”, “Yangi ariq”, “Oftobru”, “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 10 mingdan ziyod aholiga yetkazib berilyapti.

— Birinchi loyiha doirasida 154 kilometr suv tarmoqlari tortildi, 18 ta suv minorasi oʻrnatdik, — deydi “Yangi avlod qurilish invest” MCHJ rahbari Murodjon Ahmedov. — Bundan tashqari, aholi va mahalliy buyutmachilar talab va istaklarini inobatga olib, qoʻshimcha 90 kilometr suv tarmoqlari qurdik. Bu juda katta imkoniyat. Yil oxiriga qadar tumanda toza ichimlik suv yetib bormagan mahalla, xonadon qolmaydi.

Yoʻllarimiz songa kirdi

Tumanda ichki yoʻllar, aholi yashash hududidagi koʻchalarni taʼmirlash ishlari bir dam boʻlsa-da, toʻxtagani yoʻq. Shagʻal, afsalt ortgan yuk mashinalari, greyderlar shovqini tinmaydi. Egniga sariq nimcha kiygan yoʻlsozlar shijoat bilan mehnat qilmoqda.

— Yashash joyingdagi koʻchalar tekis va orasta boʻlishiga nima yetsin, —deydi Soʻx tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Habibjon Mirzoyev. — Tumanimizda 93 kilometr masofada umumfoydalanuvdagi avtomobil va 412 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllar mavjud. Joriy yilning shu kuniga qadar “Mening yoʻlim” loyihasi asosida 3,2 kilometr va boshqa dasturlar doirasida 10,8 kilometr yoʻl asfaltlandi. Ilgari yoʻl qurish, taʼmirlash ishlar juda qiyin edi. Xomashyo yetishmasdi. Qirgʻiziston orqali Fargʻona va Qoʻqondan asfalt olib kelishda tez-tez uzulishlar boʻlardi. Endilikda bu boradagi muammo barham topdi. Soʻxda bir kunda 150 tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi korxona ishga tushdi. Endi yoʻl qurish, taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar koʻlami kengaydi, sifati yaxshilandi.

Oʻtgan olti oyi davomida tumanning 12 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida 6 kilometr yoʻlga beton yotqizildi, 34 kilometr yoʻl asfaltlandi. Yil yakuniga qadar ichki yoʻllarning taʼmirlanganlik darajasi 95 foizga yetkaziladi.

— Boshqa qishloqlardagi ravon va tekis yoʻllarni koʻrib havas qilardik, — deydi “Lembur” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gʻayratjon Neʼmatov. — Bizning mahallamiz yoʻllari ham havas qilarli darajada oʻzgaryapti. Bu ishning boshida turganlar baraka topishsin. Loy, oʻnqir-choʻnqir koʻchalar endi tarixda qoldi. Mahallamizdagi 8 ta koʻchaning 6 tasida qayta qurish, taʼmirlash ishlari bajarildi. Bir kilometrdan ortiq beton yoʻllar qurib berildi.

Keng yoʻllar chetiga tartib bilan ekilgan manzarali va mevali koʻchatlar baravj rivojlanmoqda. Piyodalar va velosiped harakatlanishi uchun qurilayotgan alohida yoʻlaklar esa aholiga sayr qilish, dam olish imkoniyatini berayotgani bilan eʼtiborni tortadi.

Adirlikka suv chiqdi

Tumanda shu kungacha foydalanish imkoniyati boʻlmagan 2 ming gektarga yaqin yangi yerlar oʻzlashtirilib, foydalanishga kiritildi. Birgina Qayroq massividagi 1,5 ming gektar yerni oʻzlashtirish maqsadida davlat hisobidan umumiy qiymati 91,7 milliard soʻm boʻlgan ikki koʻtarmali “Qayroq” nasos satansiyasi qurib bitkazildi. Qariyb ikki ming metr banlandlikka suv chiqarilib, olma, yongʻoq, malina, dorivor giyohlar ekilib, kam taʼminlangan oilalarga koopersiya asosida biriktirib berilmoqda.

Javpaya massivi ham asrlar osha eʼtibordan chetda, qarvosiz boʻlgan. Adirlikning pastidan Qalacha arigʻi oqib oʻtadi. Ammo undan suv olish imkoniyati yoʻq edi. Bu yerda yangi suv olish nasos stansiyasi qurilgach, 223 metr balandlikka suv olib chiqildi. Sekundiga 200 litr suv tortish quvvatiga ega 5 ta nasos stansiyasi 1000 gektar ekin maydonlarini suv bilan taʼminlayapti. Birinchi bosqichda 230 gektar maydonga intensiv usulda oʻrikzor bogʻlar barpo etilib, 50 sotixdan lotlarga ajratilib, kooperatsiya asosida aholiga boʻlib berildi. Oʻrik daraxtlari oraligʻida poliz va boshqa sabzavot ekinlari yetishtirilmoqda.

— Loyihaning afzalligi shundaki, yer egalari malakali agronom va irrigatorlar xizmatidan foydalanadi, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari Muslimbek Mavlonbekov. — Ekinlarni yopiq suv quvurlari orqali sugʻorish tizimi joriy etildi. Bu maqsadlar uchun sigʻimi 32 ming litr kub boʻlgan sunʼiy suv havzasi qurildi. Majmua har qanday ob-havo sharoitida hududdagi ekinlarni muntazam ob-hayot bilan taʼminlash, suv sarfini 65 foizgacha tejash imkonini beradi. Istiqbolli loyihalar dasturiga koʻra, hududda 200 gektar yerda malinachilik, 500 gektar yerda kartoshka, 300 gektar yerda poliz ekinlari yetishtirish koʻzda tutilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, yurt obodligi, el farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar olis va chakka hududlarda yashovchi odamlar hayot tarzini oʻzgartirmoqda. Ular qalbida faxr, iftixor, shukronalik tuygʻularini joʻsh urdirmoqda.

 Rasuljon KAMOLOV,

 “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri