Bugun ustoz jurnalist Xurshid Doʻstmuhammadning tavallud kuni

    Bilasizmi? 8 Yanvar 2024 2817

    Xurshid Doʻstmuhammad 1951-yil 8-yanvar kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. 1973-yilda Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan.

    “Fan” nashriyotida, “Fan va turmush” jurnalida, “Qishloq haqiqati” gazetasida ishladi. 1986-yildan “Yosh kuch” jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir sifatida faoliyat koʻrsatdi.

    Respublikada ilk bor nashr etilgan “Hurriyat” mustaqil gazetasiga bosh muharrir boʻldi, Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamgʻarmasida hamrais, “Oʻzbekiston matbuoti” jurnalining bosh muharriri vazifalarida ishladi. Keyinchalik Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida faoliyat olib bordi.

    Xurshid Doʻstmuhammad yapon adibi Akutagava Ryunoskening “Rasyomon darvozasi” hikoyasini, Temur Poʻlatovning “Yetti huzur-halovat va qirq qaygʻu-alam” romanini oʻzbek tiliga tarjima qildi.

    Adibning dastlabki hikoyasi 1981-yil “Guliston” jurnalida, “Nigoh” nomli birinchi qissasi esa 1987-yili “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilindi. “Hovli etagidagi uy” nomli birinchi kitobi 1989-yil nashr etildi. Shundan buyon uning “Panoh”, “Oromkursi”, “Soʻroq”, “Sof oʻzbekcha qotillik”, “Hijronim mingdir mening” qissalari, “Bozor” romani va oʻnlab hikoyalari chop etildi.

    Adibning “Jajman” (1995) kitobidan bir necha qissalari qatori “Mahzuna”, “Jajman”, “Ibn Mugʻanniy”, “Yolgʻizim — siz”, “Koʻz qorachigʻidagi uy” singari hikoyalar ham joy olgan. Adib “Bozor” romani, “Hijronim mingdir mening” va “Ozod iztirob quvonchlari” kitoblari uchun 2000-yilgi “Ofarin” mukofotiga sazovor boʻldi.

    Ssenariy muallifi sifatida yaratilgan “Chayongul” televizion badiiy filmi (2000) keng tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. “Jimjitxonaga yoʻl”, “Nusxakashning merosxoʻri”, “Beozor qushning qargʻishi” va “Jim oʻtirgan odam” hikoyalari adibning keyingi yillar ijodida yangi sahifa ochib berdi.