Shifo maskani, 2 kishilik joy. Farishtali, katta hayotiy tajribaga ega, nuroniy onaxonga hamxona boʻldim.

Gaplarini, hayot va tashvishlar, farzandlar tarbiyasi va hokazolar haqidagi gap-soʻzlarini eshitsangiz, maza qilasiz!

Shahar atrofidagi qishloqda yasharkan.

Umr boʻyi shahardagi nufuzli korxonada oddiy ishchi boʻlgan, farzandlari va cholini juda yaxshi koʻradi.

Rostdan, momoning “choli”ga qoyil qolish kerak. 5 kunlik tayyorgarlikdan soʻng, momoni jarrohlik amaliyotiga olishdi. Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtgan.

Operatsiyadan soʻng u kishi taxminan 4-5 soatlar narkoz taʼsirida behush boʻlib uxladi. 

Bobo esa 5 soatlar momoni boshida oʻtirdi, qimirlamay... Ovqat yemadi, choy ichmadi, tashqariga chiqmadi...

Klinika xususiy, xizmatlari arzon emas, qolaversa, momoni ancha katta pulga operatsiya qilishdi, baʼzilar shu pulga hozir toʻy oʻtkazishadi.

Bobo esa xursand.

— Koʻna kampirimni doʻxtirlar yangi qilib berishyapti, deydi hazillashib. Chol-kampirlardagi sabr-toqat, hayotga ishonch, koʻtarinki kayfiyatga respekt!

Bu xislatlar hozir oʻta noyob.

Odamlarda toqat yoʻq... Lekin ular boshqacha odamlar ekan.

Shaharda shunaqa sodda, samimiy, mehnatsevar odamlar borligiga ishonish qiyin!

Lekin qolgan ekan!

Momoni tilidan doim bitta oʻgʻlining nomi tushmaydi, boshqa farzandlaridan koʻproq oʻsha oʻgʻliga mehri boʻlakcha ekan.

Uylaridan 2 uy narida yasharkan.

Tiq etsa, eshikka termuladi, hali oʻrnidan turishga ruxsat berishmagan. Momoning muxlislari koʻp ekan, hatto qoʻshnilari hol-ahvol soʻrab ketishyapti. Yotganiga 6 kundan oʻtdi, operatsiyani oʻtkazdi, anavi bemehr farzanddan esa darak yoʻq, qorasiyam koʻrinmaydi...

Endi men ham ilhaq boʻlib, kuta boshladim.

2 kundan beri koʻzlarim toʻrt boʻlib ketdi! Hatto oʻzimnikilarni ham buncha kutmayapman.

Hatto telefon qilib qoʻymaganiga esa hech aqlim yetmayapti.

Sabrim chidamadi...

Bobodan oʻsha bemehr oʻgʻlining nomerini oʻzlariga bildirmay oldimda, klinika hovlisiga chiqib, telefon qildim.

Buyogʻi qiziq boʻldi.

Hovlida kim bilandir qattiq-qattiq gaplashayotganimni doktor derazadan koʻrib qolib, yonimga chiqdi.

“Nima muammo, sizga bunaqa asabiylashish kerak emas. Ertaga Siz uchun muhim kun.

Nima yordam kerak?» deb qolsa, deng...

Unga haqiqatni aytmadim, albatta.

Nima deb oʻylagan boʻlsa?

Ammo yaqinlarim bu uchun menga tanbeh berishdi — yetti yot begona ekan, ishim boʻlmasligi kerak ekan...

Ammo men “quloqsizroqmanda tabiatan”, nima qilay?

Baribir, oʻshani kutyapman, kelib Onasining koʻnglini olishini istayapman, chin dildan!

Hammamizga oʻzi insof bersin!

Qaytar dunyo!

Keksa ota-onamizga koʻrsatgan karomatimiz, albatta, oʻzimizga qaytadi!

Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova