Moliya vazirligi huzuridagi Sug'urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan yangi tahrirda qabul qilingan “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonun mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda O'zbekiston sug'urta bozorining professional ishtirokchilari, moliyaviy ko'rsatkichlari hamda sug'urta sohasida qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Jumladan, 2021 yil yakuni bo'yicha yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi Respublika yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizini tashkil etib, aholi jon boshiga sug'urta mukofotlari o'rta hisobda 105,8 ming so'mdan (9,8 AQSH doll.) to'g'ri keldi. Bugungi kunda O'zbekistonda jami 42 ta sug'urta kompaniyasi mavjud bo'lib, ularning: 34 tasi – umumiy sug'urta va 8 tasi – hayot sug'urtasi sohalarida faoliyat olib bormoqda. SHuningdek, mahalliy sug'urta bozorida 5 ta sug'urta brokeri hamda 5 ta malaka sertifikatiga ega aktuariy o'z xizmatlarini ko'rsatmoqda.
2021 yil yakuniga ko'ra O'zbekiston sug'urta bozorining moliyaviy ko'rsatgichlari quyidagicha:
-
- sug'urta kompaniyalarining jami ustav kapitali – 1,6 trln. so'mni;
- yig'ilgan sug'urta mukofotlari – 3,7 trln. so'mni;
- to'langan sug'urta to'lovlari – 1,2 trln. so'mni;
- sug'urta kompaniyalarining investitsiyalari – 3,8 trln. so'mni;
- sug'urta bozorida tuzilgan shartnomalar soni – 7,6 mln. dona tashkil etdi.
Yakunlangan 2021 yilda Agentlik tomonidan norma ijodkorligi bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan bo'lib, 4 ta huquqiy hujjat ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Xususan, yangi tahrirdagi “Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonun 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi rivojlanishining beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha harakatlar strategiyasi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Ushbu qonun ishlab chiqilishidan asosiy maqsad - to'g'ridan-to'g'ri harakat qoidalarini qonun darajasida belgilash va sug'urta faoliyati sohasidagi munosabatlarni boshqarishning yagona mexanizmini yaratish hisoblanadi.
“Sug'urta faoliyati to'g'risida”gi qonun sug'urta sohasida tajribadan o'tgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslangan bo'lib, 10 ta bob va 72 ta moddani o'z ichiga oladi. Qonun Prezident tomonidan 2021 yil 23 noyabrda imzolandi hamda rasmiy e'lon qilingan kundan 3 oy o'tgach 2022 yil 25 fevraldan boshlab kuchga kirdi.