Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, xususan ona va bola salomatligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtayi nazardan, Toshkent shahrida o‘tkazilgan I xalqaro neonatologiya konferensiyasi sohada muhim ilmiy-amaliy platforma vazifasini bajardi. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, neonatologiya va neonatal jarrohlik yo‘nalishidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Konferensiyada perinatal davr, ya’ni homiladorlikning 28 haftasidan boshlab chaqaloqlikning dastlabki bosqichlarini qamrab oluvchi eng nozik davrda uchraydigan kasalliklar, ularning zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari muhokama qilindi. Xususan, ushbu yo‘nalishda jahon standartlariga mos yondashuvlarni joriy etish, yangi texnologiyalarni tatbiq qilish hamda neonatal yordam sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev ta’kidlashicha, konferensiya doirasida nafaqat nazariy muhokamalar, balki amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Xususan, Germaniyadan tashrif buyurgan tajribali mutaxassislar ishtirokida chaqaloqlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bu esa mahalliy shifokorlar uchun muhim tajriba almashish imkonini yaratdi.
Alohida qayd etish joizki, tadbir doirasida mamlakatimizda amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlaridan biri, siam egizaklari operatsiyasi natijalari ham taqdim etildi. Mazkur operatsiya muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgani va bemorlarning hozirgi holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.
Konferensiya davomida mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajriba va yondashuvlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda ona va bola salomatligini ta’minlash masalasi nafaqat tibbiyot sohasi, balki davlat taraqqiyoti va millat kelajagini belgilovchi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Zotan, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, ilg‘or tajriba va xalqaro hamkorlikning uyg‘unligi ertangi avlod salomatligi hamda farovon hayotining mustahkam asosini yaratadi.