Manzili sari oshiqqan piyoda yoki haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yurtimizda yoʻllar, koʻpriklar bunyod etilyapti. Ayniqsa, ichki yoʻllar sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Xoʻsh, bugun olis qishloqlarda yoʻlsozlik borasida ahvol qanday, oʻzgarishlar qay darajada? Qishda loy, yozda chang, oʻnqir-choʻnqir, qarovsiz yoʻllar ravon boʻlyaptimi?

Oʻzimizni qiziqtirgan ushbu savollarga Buxoro viloyatining Vobkent tumani misolida javob topishga harakat qildik.

Vobkentda ishlar qizgʻin

— Tumanimiz mahallalari, ayniqsa, olis qishloqlar qiyofasini tubdan oʻzgartirish, infratuzilmasini yaxshilash, u yerda yashovchi aholiga qulaylik yaratish ishlari avjida, — deydi Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov. — Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda Vobkent tumanida mahalla va qishloqlarning ichki yoʻllari taʼmiri borasidagi loyihalar uchun jami 59,8 milliard soʻm ajratilgan. 2022-yil va 2023-yilning iyun oyi yakuniga qadar tumanimizda mavjud 747 kilometr ichki yoʻlning qariyb 107 kilometri taʼmirlandi.

Tumanimizdagi koʻchalar va qishloq yoʻllarini taʼmirlash ishlari yozning jazirama kunlarida ham bir nafas boʻlsa-da, toʻxtagani yoʻq. Xususan, Choʻrikalon mahallasidagi Vagʻonziyak, Kumushkent mahallasidagi Halvogaron, Baqalon koʻchalari, “Koʻlxatib” mahalla fuqarolar yigʻinidagi Sarkor, Mukayim, Ehson, Gulrabod hamda Xayrxush mahallasining Navbahor hududlarida ish qizgʻin. Hozir bu qishloqlardagi jami 28 kilometrdan ortiq ichki yoʻllarda taʼmirlash ishlari ketyapti. Ayni kunlarda tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi, Buxoro yoʻllardan muntazam foydalanish unitar korxonasi, “Gazli yoʻl qurish-taʼmirlash” MCHJ ishchi-xizmatchilarining qoʻli qoʻliga tegayotgani yoʻq. Aholi talab va istaklari asosida Koʻlxatib mahallasidan Changaron mahallasiga eltuvchi va Kosari mahallasi hududidan oʻtuvchi umumfoydalanuvdagi yoʻlning 5,7 kilometri asfaltlandi. Koʻp yillardan buyon yaroqsiz va taʼmirtalab boʻlib yotgan bu koʻchalar nihoyat koʻrkam qiyofaga kirmoqda. Jarayonda oʻndan ortiq maxsus texnika va transport vositasi kuchidan foydalanilyapti. ShuningdekShakarkent mahallasidagi 7,5 kilometr yoʻlni asfaltlashga kirishilgan. Albatta, hudud infratuzilmasini yaxshilash bilan birga, bu yoʻl aholiga qulaylik yaratishini inobatga olib, koʻchani tartibga solish, yoʻl belgilari oʻrnatish, tunda yoritish choralarini koʻrish ishlariga ham eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda tumanimizdagi barcha yoʻllarning ravon, tekis va qulayligini taʼminlashga harakat qilyapmiz.

Bu ishlardan, ayniqsa, qishloqlar aholisi juda mamnun. Tuman hokimligi saʼy-harakati bilan aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan yana 27 kilometr yoʻlni asfaltlashga jadal kirishilgan. Hozir ushbu manzillarda oʻndan ortiq ishchi-mutaxassis, maxsus texnika va mexanizm kuchidan unumli foydalangan holda ish olib borilyapti.

“Yoʻllarimiz taʼminlanishiga umid ham qilmay qoʻygandim”

— Toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, qachondir qishlogʻimizning oʻydim-chuqur, qishda loy, yozda chang yoʻllari soz boʻlishiga umid ham qilmay qoʻygandim. Nega desangiz, hayotimning 40 yildan koʻprogʻi yoʻllarda oʻtdi, — deydi Qipchoq qishlogʻida yashovchi 70 yoshli Fayzullo Joʻrayev. — Kasbim haydovchi. Qishloqdan tumanga qatnab ishlardim. Yoʻl nosozligi tufayli koʻp vaqt yoʻqotardik, manzilga ham, ishga ham kechikardik. Loy yoʻllarda soatlab qolib ketgan vaqtlarim boʻlgan. Mana, deyarli bir haftada yoʻllarimiz tekislandi. Ish esa kunu tun tingani yoʻq.

Yoʻllar va yoʻlsozlar

— Soʻnggi yillarda yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jamoamiz tomonidan bugungi kunga qadar tumanimizdagi 935 kilometrdan ziyod yoʻlga xizmat koʻrsatilib, uning 17 kilometri respublika, 918 kilometri mahalliy ahamiyatdagi ichki yoʻllardir, — deydi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Neʼmat Qurbonov. — Oʻtgan yili “Obod qishloq” davlat dasturi asosida 5,5 milliard soʻm evaziga 9,4 kilometr yoʻl asfaltlandi, 2,5 kilometr ichki yoʻlga shagʻal yotqizildi. Tuman markazi koʻchalarini obod qilish va koʻrkam qiyofaga keltirish maqsadida 2022-yili piyodalar hamda velosiped yoʻlaklari qurishga 3,8 milliard soʻm sarflandi. Bu yil yoʻl taʼmiri ishlari hajmi bulturgidan salmoqliroq. Belgilangan vazifalar, dasturga kiritilgan rejalarni oʻz vaqtida va puxta bajarishga bel bogʻlagan tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari ham ayni damda xalq xizmatida. Hozir yoʻlsozlar tumanimizning Kumushkent mahallasidagi 6,11 kilometr yoʻlning 1,5 kilometrida taʼmirlash ishlarini bajarmoqda.

Taraqqiyotni belgilovchi mezon

Yoʻllar aholi turmush farovonligi, yurt taraqqiyotini belgilovchi mezonlardan biri. Qayerda yoʻl qurish, taʼmirlash ishlari keng quloch yozsa, oʻsha joyda zamonaviy infratuzilma obyektlari qad rostlab, aholi hayot tarzi yuksalib boraveradi.

Bugun 143 ming kishi yashayotgan Vobkent tumanida aholining kayfiyati yuqori. Tuman mahallalarini, ayniqsa, chekka qishloqlar qiyofasini tubdan oʻzgartirish, infratuzilmasini yaxshilash, u yerda yashovchi aholiga qulaylik yaratish borasidagi amaliy saʼy-harakatlar ayni vaqtda qizgʻin pallaga kirgan. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yoʻlsozlik sohasidagi muammolarni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ha, bugun odamlar oʻtayotgan kunidan rozi, tillaridan shukronalik tushmaydi. Zero, zamon talablariga javob beruvchi tekis yoʻllar, avvalo, aholining uzogʻini yaqin qilish, vaqti va mablagʻini tejash, harakat xavfsizligini taʼminlashga, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri