Ulugʻ hukmdorning shonli va shukuhli faoliyati, u asos solgan qudratli saltanatning olamshumul yutuqlari, asrlar davomida ilm-fan, madaniyat, sanʼat va maʼrifat choʻqqisida qoʻr toʻkib turgan ulugʻvor avlodlarining yorqin qiyofasi dunyo ahlini oʻziga maftun qilib kelmoqda. Amir Temurning davlat boshqaruvidagi tadbirli va qatʼiyatli siyosati, asrlarga boʻylagan bunyodkorlik ishlari oʻzbek millati qadr-qimmatini jahon tamadduni sahnida hali-hanuz yuksak mavqeda tutib turibdi.
Uzoq
vaqt mobaynida oʻzligimiz, maʼnaviy qudratimizni soyada qoldirish uchun buyuk
sarkardaning moʻtabar nomi sobiq mustamlakachilik mafkurasi qobigʻida nomunosib
sifatlar bilan qoralab kelindi. Yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin ulugʻ
ajdodlarimiz qatori Amir Temur shaxsiyatiga ham munosabat tubdan oʻzgardi.
Mustaqillikning ilk yillaridanoq benazir ajdodimizning moʻtabar nomini
abadiylashtirish borasida koʻplab ishlar qilindi. Bu ulugʻ siymo, tom maʼnoda,
xalqimizning erk, hurriyat, hamiyat va oriyat ramziga aylandi.
Bugun
esa yangi Oʻzbekistondagi misli koʻrilmagan islohotlar, xalq va millat
ruhiyatidagi kelajakka yuksak ishonch kayfiyati, zamon bilan hamnafaslikda
kamol topib, Uchinchi Renessans gʻoyasini yuzaga chiqarish maqsadida gʻayratu
shijoat koʻrsatayotgan yosh avlodning ulkan orzu-umidlari Amir Temur bobomiz
shaxsiyati va faoliyatidagi bunyodkorlik tamoyillariga nihoyatda uygʻun.
Temuriylar
va Ikkinchi Uygʻonish davri: jasorat va maʼrifat uygʻunligi IX-X asrlarda
mamlakatimiz hududida ilm-fan markazlari yuzaga keldi. Xorazmshoh Abul Abbos
Maʼmun II tashabbusi bilan Xorazmda qad rostlagan “Dorul hikma va maʼrifa”
(Xorazm Maʼmun akademiyasi) maʼrifatga tashna, zehni oʻtkir ilm fidoyilarini
jalb qilgan. Ularning yetuk salohiyati, imkoniyatini yuzaga chiqarish va chuqur
bilim olishi uchun keng imkoniyat yaratib berilgan.
Qolaversa,
somoniylar saroyida turli mamlakatlardan keltirilgan nodir va noyob kitoblar
jamlanib, ulkan kutubxona bunyod etilgani Abu Ali ibn Sinodek favqulodda
iqtidor sohiblarining kamol topishida betimsol ahamiyat kasb etgan. Buyuk aql egalarining
ixtirolari hozirga qadar inson manfaatlari, istiqboli, farovon turmushi uchun
xizmat qilayotgani adolatli jamiyatda iqtidoru isteʼdodga beriladigan eʼtibor
besamar ketmasligiga yorqin dalildir.
Ikkinchi
Uygʻonish davri — temuriylar Renessansining tamal toshi, taraqqiyot poydevori
esa Amir Temur boshlagan ilgʻor islohotlarning amaliy natijasi edi. Millat va
xalq boshiga turli mushkulotlar, sinovu mashaqqatlar tushganda haqiqiy
elparvar, yurtsevar, mumtoz adabiyotimizda ulugʻlanganidek, “er tabiatli”,
fidoyi zotlar tarix sahnasiga chiqadi. Ularning toza fitratida olijanoblik,
oliyhimmatlilik, mardonalik fazilati yorqin aks etib turadi.
Shubhasiz,
Amir Temur asrlar mobaynida qiynalgan, ezilgan, jafokash xalqimizni moʻgʻul
bosqinidan xalos qilib, milliy gʻurur, milliy nafsoniyat tamoyillarini ongu
shuurga singdirgan matonat mashʼalidir. Uning xalq ruhiyatidagi oʻziga kuchli
ishonchni uygʻotishi millatning qon tomirlarida gupurib turgan, ammo erksizlik,
umidsizlik, tushkunlik tufayli mudragan maʼnaviy qudratni yana jonlantirib
yubordi.
Amir
Temur saltanatining sururli muvaffaqiyatlari taʼsirida adabiyot maydonida mangu
nashʼu namo topgan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bunday yozgan edi:
Temurxon
naslidin sulton Ulugʻbek,
Ki
olam koʻrmadi sulton aningdek...
Rasadkim
bogʻlamish — zebi jahondur,
Jahon
ichra yana bir osmondur.
Temuriy
hukmdorlar aql-zakovat sohiblariga homiylik qilib, ularni har tomonlama
qoʻllab-quvvatlash barobarida oʻzlari ham ilmu hunar, sanʼatu madaniyat
davralariga boshchilik qildi. Masalan, Amir Temurning evarasi Husayn Boyqaro
zamonida bugungacha ham ilmiy tadqiqotlarda sir-sinoatlari atroflicha
oʻrganilayotgan adabiy, maʼrifiy yuksalish bosqichi yuzaga keldi. Alisher
Navoiy fenomeni, shubhasiz, bu jarayonning yorqin siymosi edi. Temuriyzoda
Zahiriddin Muhammad Boburning jahon tamaddunidagi mavqei, davlat boshqaruvi,
ilm-fan taraqqiyoti, madaniy va maʼnaviy hayot rivojidagi bezavol shijoati
Ikkinchi Uygʻonish davri yutuqlarining naqadar purviqorligini yanada yaqqol koʻrsatadi.
Bugun
vatanimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi pogʻonasi — yangi Oʻzbekiston davriga
dadil va oʻktam qadam bosdi. Nafaqat ijtimoiy-maishiy turmush madaniyatida,
balki xalqimiz ongu shuuri, maʼnaviy-maʼrifiy dunyosida ham yangilanish,
mamlakatimizdagi misli koʻrilmagan ijobiy islohotlar taʼsirida ertangi yorugʻ
kunlarga umid va ishonch ruhi yorqin aks etmoqda. Tafakkur oʻzgarishi esa shaxs
kamoloti, jamiyat taraqqiyoti, yurt ravnaqi uchun keng imkoniyatlar eshigini
ochmoqda.
Hozir
Uchinchi Renessans ostonasida intellektual salohiyatli, azmu shijoatli
farzandlari bilan “eshik qoqib turgan” yangi Oʻzbekiston jahon tamadduni
sahnida har qachongidan-da ulugʻvor va salobatli koʻrinayotir. Jumladan,
davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasida oʻzbek
tilida soʻzlagan nutqi millat yetakchisining kuchli irodasi va xalqimiz
maʼnaviy jasoratini ifoda etgan tarixiy hodisa boʻldi.
“Ustuvor
maqsadimiz — mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning
hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir”, degan
edi Prezidentimiz. Darhaqiqat, jannatmonand diyorimizda “inson — jamiyat —
davlat” va “inson qadri uchun” tamoyillari asosida yuritilayotgan olijanob
siyosat ana shu fikrlarning amaliy isboti, hayotiy namunasidir.
Davlatimiz
rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk bosqichidanoq ilm-fan rivoji va
olimlarga alohida eʼtibor qaratib, maʼrifatning hayotbaxsh kuchini
taraqqiyotning nekbin kelajagiga yoʻnaltirishni maqsad qilgan. Jumladan,
2017-yil 17-fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini
tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi qarorlari mohiyatida ana shu — Uchinchi Renessans gʻoyasining
hayotiy asoslari, bu yoʻldagi amaliy xatti-harakatlar strategiyasi ifodalangan.
Ilm-fan
ahlining berilgan imkoniyat va yaratilgan sharoitlardan mamnunlik kayfiyati ila
yurt istiqboli yoʻlida astoydil qilayotgan mehnati esa, hech shubhasiz, yaqin
kelajakda samara beradi.
“Temur tuzuklari”: millat, hurriyat va
hamiyat qoʻllanmasi
Amir
Temur faoliyatida adolat, haqiqat, maʼrifat, jasorat bayrogʻini baland
koʻtarib, razolatu xiyonat, adovatu qabohatga qarshi murosasiz va
shafqatsizlarcha kurashgan. Uning qiyofasida nohaqligu adolatsizlikka isyon
ruhi millatga cheksiz muhabbat bilan oʻzaro uygʻunlashgan. Agar “Temur
tuzuklari”ga sinchkovlik ila nazar tashlasak, bu fikrlarimizning toʻgʻriligiga
yana bir bor amin boʻlamiz.
Bugun
yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani, buyuk muhaddis Imom
Buxoriy qadamjosining qayta ochilgani, koʻplab ulugʻ ajdodlarimizning mangu
makonlari obod maskanlarga aylantirilgani Sohibqiron Amir Temur boshlagan
xayrli ishlarning yangi Oʻzbekistondagi ulugʻvor va betakror namunalaridir.
Davlatimiz
rahbarining joriy yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va
aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz turmushi madaniyatida, “Temur tuzuklari”da
keltirilgandek, oqkoʻngillik fazilatining kamol topishi va hushyorlikning
oshirilishiga xizmat qiladi, albatta. Ishonch bilan aytish mumkinki, yangi
Oʻzbekiston ulugʻ ajdodimiz Amir Temurning nekbin qarashlaridan saboq olib,
taraqqiyotning mutlaqo oʻziga xos yoʻlidan dadil davom etmoqda.
Sohibqiron
bobomiz “Ochiq koʻngil va rahm va shafqat bila xaloyiqni oʻzimga rom etdim. Va
adolat va muruvvat qilib, zulmu javrdin yiroq boʻldim. Va johil va yomon
feʼllardan bezorlik tiladim”, deydi. Kitob esa insonni ezgu fazilatlarga oshno
etadi. Uni kamolot sari yoʻllab, axloq pokligiga erishtiradi.
Ana
shuni inobatga olib, yangi Oʻzbekistonda kitobxonlikka alohida urgʻu
berilayotir. Jumladan, joriy yilning 24-fevral kuni mamlakatimiz yetakchisining
“Koʻksaroy” qarorgohida yoshlar bilan uchrashuvida koʻplab masalalar qatori
kutubxona, “book cafe” va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 mingtadan ortiq kitob
sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli
ssuda berilishi alohida taʼkidlandi. Bu esa kitobxonlikni yanada rivojlantirish
bilan birga yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni mehnat bozoriga
jalb qilish va moddiy manfaatdorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Davlatimiz
rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan,
madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini
keng nishonlash toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorida Amir Temur va temuriylarning
jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilish maqsadida
“Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini
taʼminlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy
merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar oʻtkazilishi belgilab
qoʻyilgan.
Darhaqiqat,
“Buyuk temuriylar” istilohi yangi Oʻzbekiston gʻoyasi va Uchinchi Renessans
orzusi bilan mushtaraklikda targʻibu tashviq etilsa, bu nekbin qarashlarning
oʻzaro uygʻunligi, bir-biriga chambarchas bogʻliqligi yosh avlodning ongu
shuuriga singdirilsa, biz oʻz koʻzlagan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.
Zero, Amir Temur bobomiz aytganidek, azmu qaror va sabru toqat va mulohaza va
ehtiyot va bahodirlik bilan barcha ishlar muyassar boʻlur.
Maqsud ASADOV,
Oʻzbekiston Fanlar
akademiyasining
Oʻzbek tili, adabiyoti va
folklori instituti
direktori oʻrinbosari,
filologiya fanlari doktori,
professor