Buloqboshi tumani “Sarvontepa” MFY hududidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanali qirgʻoqlarining biriga shikast yetganligi natijasida maʼlum miqdorda suv sizib chiqqan.
FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa oqibatida ushbu mahallada joylashgan 100 ga yaqin xonadonga suv kirgan. Shundan taxminan 30 tasida xonadonning ichiga, qolgan 70 ta holatda esa tomorqasiga suv kirgan.
Suv xoʻjaligi vazirligiga koʻra, 2025-yil 8-may kuni soat 8:00 larda Andijon viloyatidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona magistral kanalining PK-194+60 piketida kichik GES qurish ishlarini olib borish jarayonida kanalning dambasini suv yuvib ketgan.
Mazkur obyekt Andijon, Fargʻona viloyatlari va qoʻshni Qirgʻiz Respublikasi hududlaridagi ijtimoiy obyektlar va qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun kanalning PK-194+60 piketida “Gidroproyekt” MCHJ loyihasi asosida “Gidroqurilish buyurtmachi xizmati” MCHJ buyurtmasi bilan GES qurish ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruhining aniqlashicha, PK-194+60 piketda kanalning loyihaviy suv oʻtkazish qobiliyati 80 m3/sek. boʻlib, holat yuzaga kelgan vaqtda kanaldan 60 m3/sek suv oʻtib turgan.
Favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun Andijon suv omboridan suv chiqishi toʻxtatildi. Hozirda kanalda 30 m3/sek suv qolgan boʻlib, soat 14:00 gacha toʻliq toʻxtatiladi.
Kanaldagi oʻtgan suv Quyi Janubiy Fargʻona kanaliga yoʻnaltirilmoqda. Hozirda aholi xonadonlariga suv oqishini kamaytirish choralari koʻrilmoqda.
Kanalning dambasini tiklash boʻyicha shtab tashkil etilib, rahbar xodimlardan iborat doimiy navbatchilik yoʻlga qoʻyildi. Favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun 10 ta samosval, 4 ta kara, 2 ta buldozer, 8 ta ekskavator va 50 dan ortiq ishchi-xodimlar jalb qilindi.
Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlarning texnikalari yordamida suv oqimini pasaytirish va kirgan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilmoqda. Vaziyat toʻliq nazoratga olingan, holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.









