Bulungʻur tuman hokimligi va xalq deputatlari Bulungʻur tuman Kengashining ijtimoiy-siyosiy nashri “Bulungʻur hayoti” gazetasining sifatli va mazmunli chop etilishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, gazeta tahririyatining moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash, uni malakali kadrlar bilan taʼminlashga eʼtibor yana-da kuchaytirilmoqda.

1931-yil 5-dekabrdan chop etilib kelinayotgan “Bulungʻur hayoti” gazetasi shu paytgacha toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun talab darajasidagi zarur sharoitlarga ega emas edi. Sobiq ittifoq davrida qurilgan bino eskirib, bugungi kun talabiga javob berolmay qolgan edi. Muassis sifatida buni toʻgʻri tushungan Bulungʻur tuman hokimligi hamda xalq deputatlari Bulungʻur tuman Kengashi gazeta tahririyatining ish sharoitini zamon talabiga moslashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash maqsadida Bulungʻur shahri, Oqtepa koʻchasida “Bulungʻur hayoti” gazetasi tahririyati uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy qiymati 275 million soʻmlik yangi zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirildi.

Binoda muharrir va muxbirlar xonasi, shuningdek 20 oʻrinli kichik majlislar zali mavjud. 100 million soʻmlik zamonaviy mebel-jihozlar hamda internet tarmogʻiga ulangan kompyuterlar bilan taʼminlangan.

Tahririyatga tashrif buyurgan fuqarolar uchun bino foyesida oʻrindiqlar mavjud boʻlib, ular tuman, viloyat va respublika matbuot nashrlari bilan tanishib borishlari mumkin. Binoning yon tomonida esa tahririyat xodimlarining boʻsh vaqtlarda hordiq chiqarishlari uchun “Dam olish xiyoboni” mavjud.

Foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Bahodir Bahramov gazeta tahririyati xodimlarini, faxriy ijodkorlarni qizgʻin qutlab, bu bino tumanda ijodiy muhitining yana-da gullab-yashnashiga imkon yaratishiga ishonch bildirdi.