Bulungʻur tumanida yashovchi fuqaro “Sh.B.” sotish huquqiga ega boʻlmay turib, oʻziga tegishli 50 sotix yer maydonini 34.000 AQSH dollariga maxalliy fuqaroga sotishga kelishib, undan 10.000 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi, deya xabar deradi Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi.

Ushbu pulning 3.000 AQSH dollari maʼlum boʻlishicha, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Davlat kadastrlar palatasi Bulungʻur tumani filialining yuqori lavozimida ishlovchi xodimi ushbu yer maydonini tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 3.000 AQSH dollari talab qilgan.

Olingan koʻrsatmalar asosida tadbir davom ettirilib, Davlat kadastrlar palatasi Bulungʻur tumani filiali xodimi 3.000 AQSH dollarini oʻz xizmat avtomashinasida olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.