Davlatimiz rahbari taklifiga jahon hamjamiyati nafaqat alohida eʼtibor qaratdi, balki uni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatladi. Bundan koʻnglimiz faxr-iftixor tuygʻulariga toʻldi. Axir, vatanimiz yuzlab davlatlar ichida munosib mavqe-nufuzga ega ekanligi yana bir bora namoyon boʻldi! Albatta, bunday yuksak darajaga yetishishning oʻzi boʻlmaydi. Bu mamlakatimiz rahbariyatining ulkan hamda tinimsiz mehnati samarasi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Kecha BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya loyihasi koʻrib chiqilib, ushbu tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Xorijiy tahlilchilar ham Oʻzbekiston ikkitomonlama vositalar bilangina cheklanib qolmasdan, koʻptomonlama muloqot mexanizmlaridan ham samarali foydalanayotganini qayd etmoqdalar.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, nufuzli tashkilot tomonidan davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi yakdillik bilan maʼqullangani ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga, hududda yashil iqtisodiyot tamoyillarini, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni kompleks amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlovchi texnologiyalarni joriy etish, choʻllanishning oldini olish, ekologik migratsiya va ekoturizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yana bir gap. Orol bejizga innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb nomlanmayapti. Yaʼni bu nom oʻzini toʻla oqlaydi. Birgina misol. Soha mutaxassislariga yaxshi ayonki, dengizning gʻarbiy qismida juda katta hajmda litiy mavjudligi aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, uni suvdan ajratib olib, quvvat hosil qiluvchi turli xildagi batereykalarni ishlab chiqarish mumkin. Dunyoda litiyning barmoq bilan sanarli konlari mavjudligi inobatga olinsa, bu borada investitsiyalar kiritishning manfaatli va jozibador ekani namoyon boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston keyingi toʻrt yilda yirik tashkilot sifatida global va mintaqaviy muammolar yechimiga BMTdan xalqaro siyosiy minbar sifatida unumli foydalanmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tashabbuslariga BMT ham yuksak baho bermoqda.
Nodir Abduvaliyev,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati