Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan qabul marosimiga xalqaro tashkilotlar va xorijiy missiyalarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari taklif etildi. 

Tadbir madaniyat va turizm vaziri O. Nazarbekov vazirlik va uning tuzilmalari oldiga qoʻyilgan maqsad-vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlarga, shu jumladan UNWTO Bosh assambleyasiga qadar Samarqandda turizm taʼlimi, turizmda ayollarning oʻrni, ekoturizm, gastronomik turizm, IT texnologiyalar, turizm sohasidagi “aql markazi”ni tashkil etish boʻyicha muhim xalqaro tadbirlar rejasiga toʻxtalib oʻtdi. 

Tadbirda madaniyat, sanʼat, kino, turizm va boshqa sohalardagi hamkorliklar, Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasini yetakchi xorijiy OAVlarda targʻib qilish kabi muhim masalalar, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Vazir diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillariga murojaat qilib, 2023-yilda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shu bilan birgalikda, 2023–2027-yillar uchun UNWTO Ijroiya kengashi aʼzoligiga nomzodlar tashkilotning mintaqaviy komissiyalari yigʻilishlarida tanlab olinadi hamda tasdiqlash uchun Bosh assambleyaga taqdim etilishi qayd etildi hamda Kengash aʼzoligiga Oʻzbekiston Respublikasi nomzodini qoʻllab-quvvatlash soʻraldi.

Oʻz navbatida, O. Nazarbekov Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan tadbir oʻzbek xalqi mehmondoʻstligining eng yuqori darajasida tashkil etilishini va jahon turizm industriyasining barqaror rivojlanishiga kuchli turtki beruvchi tarixiy voqeaga aylanishini alohida taʼkidladi.

M. Moʻminova