"Rossiya Federatsiyasi fuqarosi M.V.Limar uchuvchisiz uchish apparatlarlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va ulardan foydalanish qoidalarini notoʻgʻri talqin qilgan.
Uning aytishicha, “Mamlakat qonunchiligida kvadrokopterlar 250 grammdan ortigʻi majburiy roʻyxatga olinishi shart. Biroq, sayohatchining texnikasi atigi 249 gr. (bu ishlab chiqaruvchi tomonidan dronning oʻzida chop etilgan xususiyatlar bilan tasdiqlanadi)”.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining maʼlum qilishicha, uchuvchisiz uchish apparatning ogʻirligi 250 gr. dan oshmagan holda, qurilma foto va video uskunalar bilan jihozlangan boʻlsa, uni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va undan foydalanish uchun ruxsat talab etilmaydigan uchuvchisiz uchish apparatlari qatoridan chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 31-avgustdagi 287-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi” Nizomga asosan, oʻyinchoq model deganda, avtonom parvozni boshqarish va navigatsiya funksiyasiga ega boʻlmagan, foto va video jihozlar bilan jihozlanmagan, vazni 250 grammdan oshmaydigan uchuvchisiz uchish apparati tushuniladi.
Chet ellik sayyohlar va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan talab ortib borayotganligi munosabati bilan hamda turizmni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-noyabrdagi 322-son qaroriga 2018-yilda tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyati toʻgʻrisidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish qurilmalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutadi.
Shuningdek xorijiy ijodiy guruhlarga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi va “Oʻzbekkino” milliy agentligining iltimosnomalari asosida ham ruxsat berish inobatga olinadi.
Bunday ruxsatnomalarni berishning soddalashtirilgan tartibi, xorijiy fuqaro yuqorida koʻrsatgan vazirlik yoki idoralardan biriga yoki Oʻzaviatsiya agentligining https://bla.uzcaa.uz/ elektron platformasi orqali rasmiy murojaatini uchuvchisiz uchish apparatlarini Oʻzbekiston hududiga olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsat olishini koʻzda tutadi", deyiladi Fuqaro aviatsiyasi agentligi shahida.