Mualliflik huquqining o'zlashtirib olinganlik (plagiat) holati bo'yicha Adliya vazirligiga navbatdagi murojaat kelib tushdi.

Murojaat asosida vazirlik tomonidan Buxoro davlat universiteti musiqa fani o'qituvchisi B. M. “Musiqa tarixi (Chet el musiqasi)” nomli o'quv qo'llanmasida fuqaro A.Trigulovaga tegishli bo'lgan “Xorijiy musiqa adabiyoti” asaridan jami 155 sahifadagi matnlar ko'chirib olingani hamda fuqarolik muomalasiga kiritilgani aniqlandi.

Qonun buzilish holati yuzasidan vazirlik tomonidan fuqaro A.Trigulova manfaatida fuqarolik ishlari bo'yicha Buxoro tumanlararo sudiga mualliflik huquqi buzilganligi uchun tovon puli undirish bo'yicha da'vo arizasi bilan murojaat qilindi.

Sud qaroriga ko'ra javobgar B.M.ga mualliflik huquqini buzish orqali chop etilgan “Musiqa tarixi (CHet el musiqasi)” nomli o'quv qo'llanmalarini o'z hisobidan fuqarolik muomalasidan chiqarib tashlash majburiyati yuklatildi. Shuningdek, qarorda javobgardan da'vogar A.Trigulova foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari — 30.000.000 so'm miqdorida tovon puli hamda 8.000.000 so'm ma'naviy zarar undirilishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, qonunchilikda muallif asaridan ruxsatsiz foydalanish natijasida etkazilgan zarar qoplanishi o'rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha tovon to'lanishi belgilangan.