Buxoro viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi matbuot xizmati ayni kunlarda Buxoro delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan AQSHda boʻlib turgani haqida xabar bergan edi.
Tashrif yakuni bilan, bugun, 15-iyul kuni Buxoro delegatsiyasi aʼzolari Nyu-Yorkdagi “Mahalla USA community” center" da oʻzbek vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.
“Mahalla USA community” center" AQSHda yashab kelayotgan oʻzbeklarga koʻmak berish boʻyicha xizmat qiladi. Qolaversa, oʻzbek milliy bayramlari, marosim va tadbirlarida bu yerdagi oʻzbeklar doimo jam boʻlib turishadi.
Maʼlumki, AQSHda bugungi kunda 300 mingdan ortiq vatandoshlarimiz istiqomat qiladi. Ularning aksariyati yoshlarni ham tashkil qiladi.
Nyu-Yorkdagi “Mahalla USA community center”, yosh oʻzbek yurtdoshlarimizning oʻz milliy qadriyatlari va anʼanalarini yodda tutishi, oʻzbek diasporasi uchun vatanning bir boʻlagi sifatida xizmat qiladi. Qolaversa, bu yerda, oʻzbek sanʼati, musiqa , raqs , sheʼriyat rassomchilikni yoshlarimizga oʻrgatish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
AQSHning 13 ta shtatida oʻzbek diasporalarini birlashtirgan bu kabi mahallalar mavjud. Nyu-Yorkning Bruklinidagi Mahalla USA community center ularning asosiy mahallasi hisoblanar ekan.
“Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni sohibi, oʻzbekistonlik vatandoshlarimizni Nyu-Yorkda birlashtirgan Mahalla USA community center prezidenti Abdumalik Axmedov.
Uchrashuv davomida Buxoro delegatsiyasi Buxoroning turistik potensiali taqdimotini ham oʻtkazdi. Maʼlum boʻlishicha, Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi oʻzbeklarning aksariyati Buxorodagi Yetti Pir ziyoratgohlarida boʻlmagan, ziyoratgohlardagi shart-sharoitlar va ziyorat amallari bilan tanish emas. Qolaversa, Xiva va Samarqand shaharlarini ham koʻrmagan oʻzbek vatandoshlarimiz talaygina ekan.
"Safarimiz chogʻida AQSHdagi oʻzbek diasporasi bilan uchrashishni ham oʻzimizga maqsad qilib qoʻygan edik. Bugungi kunda Oʻzbekistonda turizm sohasi iqtisodiyotimizning yanada rivojlanishi uchun asosiy drayver sohalardan biri boʻlgani hech kimga sir emas.
Har bir bu yerdagi vatandoshimiz bitta amerikalikka Oʻzbekistonni targʻib qilsa, Oʻzbekiston turizm sohasiga katta hissa qoʻshgan va oʻz yurtining iqtisodiy koʻrsatkichlarini yanada koʻtarishga koʻmaklashgan boʻladi.
Biz bu yerdagi barcha vatandoshlarimizni Oʻzbekistonga taklif qilamiz va uchrashuvimiz samarasi, bir guruh amerikalik vatandoshlarimizning, joriy yilning avgust oyida Buxoroga, Yetti Pirdagi muqaddas qadamjolarimizni ziyorat qilishga tashrif buyurishlari boʻldi.
Bu ham bir kichik yutugʻimiz, desam mubolagʻa boʻlmaydi“,- dedi Buxoro viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Suxrob Bobokalonov, ”Amerika ovozi" ga bergan intervyusida.