Buxoro, Namangan va Xorazmda quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi

    Energetika 30 Dekabr 2020 1302

    Energetika vazirligi davlat-xususiy sherikligi asosida quyosh fotoelektr stansiyasi (FES) qurilishi boʻyicha “Scaling Solar 3” uchinchi loyihasi boshlanishi toʻgʻrisida eʼlon qiladi.

    “Scaling Solar 3” uchinchi loyihasi doirasida umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan uchta FES qurilishi rejalashtirilib, ularning investorlari tender natijasiga koʻra aniqlanadi.

    Uchinchi loyiha boshlanishi 2021-yil fevral oyiga rejalashtirilgan. FES qurilishi Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

    Qayd etish joizki, 2019-yil 18-oktyabr kuni “Scaling Solar 1” loyihasi doirasida Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan FES qurilishi boʻyicha oʻtkazilgan tenderda Masdar (BAA) kompaniyasi gʻolib boʻldi. Bu boradagi ijobiy natijani hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xalqaro moliya korporatsiyasi oʻrtasida konsultatsiya xizmatlarini jalb qilish va Scaling Solar loyihasi boʻyicha quyosh FESlarining quvvatini 1000 MVtgacha oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi.

    Mazkur kelishuv natijasi oʻlaroq 2020-yil boshida Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 400 MVt boʻlgan 2 ta “Scaling Solar 2” FES qurilishi loyihasi boʻyicha tender eʼlon qilingan edi. Ushbu loyihalar boʻyicha hozirgi vaqtda tender savdolari amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan keng miqyosli qayta tiklanuvchi energiya strategiyasi amalga oshirilib, uning doirasida yaqin 10 yil ichida 5 GVtgacha ekologik toza quyosh energiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Strategiya elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan boʻlib, 2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

    Energetika vazirligi Matbuot xizmati