25-yanvar kuni mintaqaviy energotizimda roʻy bergan nosozliklar sabab Respublika boʻylab elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar boʻldi. Tabiiyki, ushbu holat natijasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati ham vaqtincha toʻxtadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tuzilgan “Vaqtinchalik shtab” aʼzolari tomonidan elektr taʼminoti tiklangach boshqarmalar hamda zavodlar faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish ishlari olib borildi. Tizimdagi korxonalar faoliyati deyarli toʻliq tiklandi.

Boshqaruv raisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qilgan ishchi tashrifi davomida texnologik jarayonlarning qayta yoʻlga qoʻyilgani, qurilmalarning ish holati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ham “Vaqtinchalik shtab” tashkil qilish hamda qurilmalar toʻliq quvvatda ishlashini monitoring qilib, toʻliq nazorat olib borish boʻyicha Zavod direktori Akbar Fazilovga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Respublika isteʼmolchilarini neft mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, shunday murakkab vaziyatda oʻz vazifasini sidqidildan bajarayotgan barcha ishchi-xodimlarga zarur sharoitlar yaratish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Zavodning markaziy asosiy tarkibiy boʻlinmalarida boʻlib, texnologik qurilmalarning ishlash holati va bu borada zarur boʻladigan moliyaviy masalalar yuzasidan muhokama oʻtkazdi. Markaziy taqsimlash podstansiyasida boʻlib, asosiy ishlab chiqarish sexining texnologik zonasida joylashgan dizel generator va uning zarur boʻlganda ishlash holatini oʻrgandi.

Boshqaruv raisi elektr taʼminotida uzilish kuzatilganda, ushbu generatorning avtomatik ishlashini doimo nazorat qilib borish kerakligini hamda aynan mana shu orqali zavodning faoliyatini vaqtincha xavfsiz toʻxtatib turishga erishish mumkinligini taʼkidladi.