2020-yilda “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodida 843,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarildi

    Sanoat 14 Yanvar 2021 3428

    “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi gazoylni gidrotozalash qurilmasida “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislarining oʻz kuchi bilan katalizator eng zamonaviy turiga almashtirildi. Natijada, Oʻzbekistonda ilk bor Yevro-4 va Yevro-5 ekologik toifadagi dizel yonilgʻisini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Endilikda, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan yoqilgʻilar jahon standartiga toʻla javob bera boshladi va eksportbop mahsulotga aylandi. 2020-yil yakuni bilan jami 85,9 ming tonna Yevro-3, 4, 5 dizel yonilgʻisi ishlab chiqarildi va isteʼmolchilarga yetkazib berildi.

    2020-yilda “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodida 843,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, bu miqdor zavodning 23 yillik tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichga aylandi. Neft va gaz sanoati tarixida ilk bor neft mahsulotlari sotilishi toʻliq bozor tamoyillari asosida joriy etildi.

    Shuningdek, ortda qolgan 2020-yil davomida, mahalliy olimlar bilan hamkorlikning yangi bosqichi yoʻlga qoʻyilib, Oʻzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlikda ilk bor SAS-851 rusumidagi (Fransiya) adsorbent oʻrniga, mahalliy UzAD-1 adsorbenti ishlab chiqarishga tatbiq qilindi.

    Koʻp yillar davomida reja qilib kelinayotgan “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish» loyihasiga birinchi qadam tashlandi va “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Honeywell UOP” (AQSH) va “SK E&C” (Janubiy Koreya) kompaniyalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi tarix sahifalaridan joy oldi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati