Buxoro neftni qayta ishlash zavodida quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi

    Energetika 26 Iyul 2023 1771

    Buxoro neftni qayta ishlash zavodi o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida quyosh batareyalarini o‘rnatishda davom etyapti.

    Zavodda yangi barpo etilgan avtoturargohda quvvati 600 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurildi.

    Joriy yil boshidan iyun oyiga qadar bo‘lgan davrda 1 500 ta quyosh paneli ishga tushirildi. Ushbu panellar oyiga taxminan 200 000 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

    Yil yakunigacha yana 600 dona quyosh batareyasini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu esa deyarli 3 000 kVt/soat qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarishga yordam beradi.

    Quyosh energiyasi hisobiga zavod ma'muriy binolarining bir qismi elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

    Bundan tashqari, binolarni issiq suv bilan ta'minlash uchun quyosh suv isitgichlari ham o‘rnatilyapti, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.

    Shubhasiz, energiya tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi nafaqat ekologik, balki zavodning iqtisodiy samaradorligini ham oshiradi.

    Ma’lumot o‘rnida: 2022 yilda zavod ob’ektlariga umumiy quvvati 85 kVt bo‘lgan 170 ta quyosh paneli o‘rnatilgan edi.