Ushbu markaz rahbariyati tomonidan mehmonlarga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi elektr energiyasi quvvatlari va ularning taqsimoti, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi unumdorligi boʻyicha taqdimotlar oʻtkazilib, markaz faoliyati keng tanishtirildi.

Naju shahridagi yana bir muhim obyekt — “NK Korea Co. LTD” elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish kompaniyasida delegatsiya aʼzolari bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.

Qayd etish kerak, mazkur kompaniya Janubiy Koreyaning elektr hisoblagichlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Buxoro viloyati hokimligi vakillari “Guemchul” kompaniyasida ham boʻlib, quyosh panellari yordamida issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi moslamalarni koʻzdan kechirdi.

Mazkur qurilmalar yordamida quyosh nurining jamlanmasidan hosil boʻlgan energiyalar hisobidan suvni 300 gradusdan 500 gradusgacha isitish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, qurilma yordamida bir vaqtning oʻzida elektr energiyasi, issiqlik energiyasi hamda suvni isitish imkoniyati yaratiladi. Xususan, mazkur qurilmalar issiqxona xoʻjaliklari hamda ishlab chiqarish korxonalarini issiqlik energiyasi bilan taʼminlashda eng qulay va muqobil energiya quvvati hisoblanadi.

Muzokaralar chogʻida Botir Zaripov mazkur qurilmalarni Buxoro viloyatida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbusni ilgari surdi. Kompaniya rahbariyati vohaning iqlimi va hududda issiqlik manbaiga boʻlgan talabning yuqoriligini inobatga olgan holda mazkur loyihani Buxoro viloyatida amalga oshirishga tayyorligini hamda tez fursatda Buxoroda mazkur qurilmalarda test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirayotganini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Buxoro viloyati hokimligi hamda “Guemchul” kompaniyasi oʻrtasida Buxoro viloyatida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari yordamida issiqlik manbaini ishlab chiqarish qurilmalarining test sinovini oʻtkazish hamda test sinovlari asosida Buxoro viloyatida xususiy sektor bilan hamkorlikda qurilmalar ishlab chiqarish boʻyicha Anglashuv memorandumi imzolandi.

Buxoro viloyat hokimligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi davom etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.