Лого Лого-пв-уз

    Buxoro viloyati xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha namunali hududga aylanmoqda

    Respublika miqyosida Buxoro viloyati ikkinchi o'riga ko'tarildi.

    Davlatimiz rahbari “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir” deb taʼkidlaydi. Buning uchun eng samarali yoʻllardan biri bu oʻquvchilarni xorijiy tilga qiziqtirish muhitini shakllantirish hamda ularga ikki va undan ortiq tilni oʻrgatishdir.

    Shu yilning 20-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan maktablarda xorijiy tillar va kasb oʻrgatish tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishda yoshlarni, ayniqsa, maktabda oʻqiyotgan oʻquvchilarni kamida 2 ta xorijiy til va kasbga oʻrgatish haqida soʻz bordi. Soʻnggi yillarda maktab taʼlimi hamda undagi taʼlim sifatiga eʼtibor kuchaytirilganiga qaramay, hamon yoshlarimiz orasida ishsizlik, oʻqishga kirolmaslik va boshqa muammolar uchramoqda. Oʻqishga kira olmagan oʻquvchi bizda yana harakat qiladi, harakati samarasiz ketsa, u sindi degani. Chunki 11 yil oʻqigan umumiy bilimi bilan aniq bir sohada faoliyat yuritolmaydi. Bu esa oʻz navbatida bir qancha muammolarni keltirib chiqarmoqda.

    Birinchidan, barcha yoshlarni koʻr-koʻrona oliy taʼlimga kirishga urunishi;

    Ikkinchidan, ishsizlik, oilaning moddiy ahvoli qiyinlashuvi;

    Uchinchidan, mehnat bozorining raqobatbardoshsizlanishi.

    Mazkur topshiriqlarga yechim sifatida biz quyidagilarni taklif qilishimiz mumkin:

    - Oʻrganilayotgan tilning mukammal va muqobil dasturiy platformalari allaqachon mavjud boʻlib, buni biz oʻsha davlat til targʻibotchilari yoki elchixonalaridan olishimiz mumkin;

    - Prezident taʼlim muassasasidagi dasturlarni belgilangan uch tuman/shaharlarga toʻgʻridan-toʻgʻri tadbiq etish;

    - Xorijiy tilni oʻrganish muhitini, psixologik tafakkurni shakllantirish, bu orqali ikki va undan ortiq tilni oʻrganish va uni bilish tajribasini odatiy tusga aylantirish;

    - Jahon xorijiy tillarni oʻrgatuvchi platformalarni 2023-2024-yillarda bepul qilish;

    - Ilmiy tadqiqot ishlarida aynan amaliy xorijiy tilni oʻrganishga va oʻrgatishga bagʻishlangan tadqiqot ishlarining koʻlamini kengaytirish orqali ham koʻzlangan marraga yetishimiz mumkin.

    “Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutugʻi, bilmagani muammo”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu borada har bir viloyatdan bitta shahar va ikkita tuman namuna sifatida tanlab olinib, 64 xil kasb-hunarga tayyorlash uchun zarur texnik jihozlar bilan taʼminlash hamda taʼlim sifati nisbatan pastroq maktablarni kasb-hunarga yoʻnaltirish vakolati yuklatildi.

    Buxoro viloyatidan Gʻijduvon, Shofirkon tumanlari hamda Buxoro shahridagi maktablarda yoshlarni kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish belgilandi. Mazkur hududlarda xorijiy til oʻrganuvchilar boshqa hududlarda nisbatan koʻp boʻlib, xorijiy til va kasb-hunarga talab ham shunchalik yuqori hisoblanadi.

    Prezident “Chet tillarini sifatli oʻrgatish uchun maktablarga “til egasi” boʻlgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til oʻrgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish kerak”ligini taʼkidlab oʻtdi. Bu borada Buxoro viloyatida turli dasturlar doirasida jami 9 nafar til egasi jalb qilingan boʻlib, ulardan biri Alisia Bredley ESN dasturi boʻyicha maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish bilan birgan, zamonaviy dasturlardan foydalanish hamda namunali darslarni namoyish etib kelmoqda.

    Buxoro viloyatida xorijiy tillarni oʻqitish 2021-yildanoq alohida tus olgan edi. Xabaringiz bor, ikki yil oldin, xuddi shu sanalarda Prezidentning Buxorodagi tashriflarida viloyat hokimi Botir Zaripovga xorijiy tillarga alohida eʼtibor qaratilishi hamda Buxoroni xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha namunali viloyatlardan biri boʻlishi kerakligi haqida alohida shu bilan birga, ilk topshiriqni berib oʻtgandilar. Aynan shu tashrifdan soʻng xorijiy tillar sohasi yuzasidan Prezident qarorlari, Vazirlar mahkamasi qarorlari birin-ketin chiqa boshladi. Nafaqat xalq taʼlimi yoki oliy taʼlim, balki boshqa taʼlim, notaʼlim tizimlarda ham xorijiy tillar sertifikatsiyasini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Buning natijasi sifatida “Eng yaxshi xorijiy til maktabi” tanlovida Buxoro viloyati ikkinchi oʻringa loyiq topildi hamda Prezident sovrini 400 million soʻmni qoʻlga kiritdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi Buxoro viloyati vakilligi tomonidan C1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tillarni ommalashtirishga qaratilgan vazifalar ijrosini oʻrganish maqsadida viloyatimizdagi barcha tuman va shahar xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritadigan oʻqituvchilarning xorijiy tilni bilish boʻyicha sertifikatsiyasisini tahlil qildik. Unga koʻra, viloyat Xalq taʼlimi tizimida 2676 nafar xorijiy til oʻqituvchilari faoliyat yuritib, ulardan 977nafarida xalqaro va milliy til bilish sertifikatlari mavjud boʻlib, bu 37 foizni tashkil etadi. Oliy taʼlimda esa jami 256 nafar xorijiy til oʻqituvchisi, shulardan 178 nafarida sertifikat mavjud, foiz hisobida 74,40 foizni tashkil etmoqda. 14—30 yoshda boʻlgan, xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega yoshlar esa 1558 nafarni tashkil etadi.

    Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan statistika oliy taʼlim, xalq taʼlimi, professional taʼlim, maktabgacha taʼlim tizimidagi xorijiy tillar sohasidagi oʻzgarishlar, islohotar natijasida taʼlim sifatiga bevosita taʼsir qiladigan sertifikatsiya 3/4 baravar oshganidan darak beradi. Respublika miqyosida esa Buxoro viloyati ikkinchi oʻriga koʻtarildi.

    Nozima XOLIKOVA,

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi

    Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi

    Buxoro viloyati vakilligi rahbari,

    Buxoro davlat universiteti professori