Mazkur loyiha doirasida bugun, 25-iyul kuni “Envision” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi oʻrnatildi. Turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi.
Maʼlumot uchun, ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ta mana shunday shamol turbinalari oʻrnatiladi.
Mazkur elektr stansiyalarining ilk quvvatlari 2024-yilda ishga tushiriladi.
Stansiyalar toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 3 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd 100 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 mln 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Loyiha doirasida uzunligi 260 km boʻlgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari quriladi. Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-gʻarbiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-gʻarbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bogʻlanishini mustahkamlaydi.
Eslatib oʻtamiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurilmoqda va mazkur loyiha doirasida “Goldwind” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 4,7 MVtli turbinasi iyun oyida oʻrnatilgan edi.
Hozirda 3 ta turbina oʻrnatib boʻlindi. Turbina minoralarining balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri esa 77 metrni tashkil qiladi.