Bu haqda viloyat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda sobiq telefon-telegraf binosi hududida daraxtlar kesilayotgani haqida bir necha bor murojaatlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Buxoro shahar ekologiya boʻlimi inspektorlari tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida hududda 12 tup manzarali archa daraxti noqonuniy ravishda kesilgani maʼlum boʻldi. Holat belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.

Qonunbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, 10 million 300 ming soʻm jarima qoʻllandi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 95 million 584 ming soʻm deb baholandi.

Masʼul idoralar fuqarolarni bu kabi holatlarga befarq boʻlmaslikka chaqirib, aniqlangan qonunbuzarliklar haqida Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasiga xabar berishni soʻramoqda.