Turkiy davlatlar tashkilotining oʼn ming nafardan ortiq yigit-qizni qamrab olgan IV Yosh liderlar forumi koʼhna zaminning salobati va nufuziga yanada shukuh bagʼishladi. Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan kelgan yetakchi yoshlar va delegatsiya aʼzolari forum doirasida tashkil etilgan yorqin tadbirlarda ishtirok etdi.

Azaldan ilm-fan beshigi sanalgan sharif shahar Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning eng ilgʻor yoshlari oʻrtasida tadbirkorlik, madaniyat, sanʼat, sport, media, ilm-fan sohalarida oʻzaro doimiy tajriba almashish uchun muloqot maydoni vazifasini oʻtadi.

Doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash, barcha yoʻnalishlarda hamjihatlikni kuchaytirish maqsadini oʻzida mujassam etgan forum davomida turkiy davlatlar yoshlarining dunyoqarashi va tafakkuridagi mushtarak jihatlar koʻzga tashlandi. Eng muhimi, oʻzaro uygʻun va hamohang fikr-mulohazalar, gʻoya va loyihalar natijasi ezgulikka, taraqqiyotga, bilim choʻqqilarini zabt etishga qaratilgan.

Turkiy xalqlarning bir-birini tarjimonsiz tushunishi, mushtarak tarix, koʻp asrlik boy anʼana va qadriyatlar uygʻunligi hamkorlikni mustahkamlovchi baquvvat rishtaga aylanmoqda. Kun sayin mustahkamlanib borayotgan qardoshlik aloqalari rivojida yoshlarimizning oʻzaro muloqoti ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻtgan yili Istanbul sammitida Prezidentimiz nutq soʻzlab, jumladan, shunday degan edi: “...Kelajagimiz davomchilari boʻlgan yoshlar mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etmoqda.

Bugun yosh avlodning xalqlarimiz hayoti va taqdiridagi, oʻzaro munosabatlarimiz rivojidagi oʻrni tobora ortib bormoqda. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kreativ gʻoya va loyihalarini ragʻbatlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot boʻlgan taʼsirlardan asrab-avaylash barchamizning asosiy vazifalarimizdan biridir”.

Shuningdek, sammitda davlatimiz rahbari 2022-yilni turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilishni taklif qilgan hamda bu tashabbus barcha tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.

Oʻzbekiston dunyoga ochiq mamlakat sifatida Turkiy davlatlar tashkilotida yangi pragmatik gʻoyalar hamda aniq takliflar bilan faol ishtirok etmoqda. Oʻtgan yili Qoʻqon shahri ilk bor “Turk dunyosining turistik poytaxti” deb eʼlon qilingani, yurtimizda “Yosh tadbirkorlar forumi” oʻtkazilib, unda turkiy mamlakatlardan 250 nafardan ortiq yosh tadbirkor ishtirok etgani va mana, endi Yosh liderlar forumining Buxoroda tashkil etilgani ana shu hayotbaxsh tashabbuslar natijasidir. Bunday gʻoyalarning qoʻllab-quvvatlanishi kelgusida qator loyihalarning tashkil etilishiga tamal toshi vazifasini oʻtaydi.

— Forumlar tarixida ilk marotaba Buxoro shahri “Birinchi turkiy dunyo yoshlari poytaxti” deb tantanali eʼlon qilindi, — dedi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar ishlari shoʻbasi mudiri Uchqun Xudoyorov. — Shuningdek, Yoshlar markazida “Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlari poytaxti” monumenti va “Turkiy dunyo yoshlari bogʻi” ochilgani qardosh xalq- larning doʻstligi va madaniy yaqinligining ramzi boʻlib qoladi.

Tadbir davomida sanʼat, madaniyat, sport, biznes, fan, taʼlim va media sohasining koʻzga koʻringan vakillari ishtirokida Buxoro shahrida kelgusida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshiriladigan megaloyihalar taqdimoti oʻtkazilgani jahon ilm-fani, texnika taraqqiyoti, mamlakatlar iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladigan kreativ gʻoya va tashabbuslarning yuzaga kelayotganidan darak berdi.

Forumda turkiy xalqlar oʻrtasida oʻzaro birodarlik, doʻstlik va hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlash yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi yangi bosqich ekani eʼtirof etildi. Yurtimiz oʻzini yana bir bor turkiy dunyoda yoshlar mamlakati sifatida namoyon qildi.

Tadbir doirasida turk dunyosining peshqadam yoshlari azim shaharning diqqatga sazovor tarixiy joylarida boʻldi. Ulugʻ ajdodlarimizning qutlugʻ qadamjolarini ziyorat qildi.

Bu mamlakatimiz turizm salohiyatini yana bir bor dunyo jamoatchiligi eʼtiboriga havola etish, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, qadriyatlar bardavomligini taʼminlash, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzi va oʻrni tobora mustahkamlanishiga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molik.

Tadbir davomida Turkiy davlatlar tashkilotining Yosh liderlar forumi rezolyutsiyasi imzolandi. Ekspertlar fikricha, bu hujjat turkiy dunyo yoshlari oʻrtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.