Bugun, 1-mart kuni Buxoro tumani, “Sheyxoncha” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan ushbu mahorat maktabi foydalanishga topshirildi.
— Dehchabegi qishlogʻida qayta qurilgan “Otchopar” bazasi oʻtgan asr saksoninchi yillarida qurilgan boʻlib, qariyb 13 gektar maydonni egallagan hududda otchopar maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, – deydi mahorat maktabi rahbari Farhod Saʼdullayev. — Keyinchalik bu majmua yosh iqtidor egalarini kashf qilish maqsadida Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tasarrufiga oʻtkazilgan. Bunda 2 nafar yuqori malakali chavandoz–murabbiy tomonidan 40 nafar yosh sportchi–chavandoz tarbiyalanayotgan boʻlsa, ularning 10 nafari umidli qizlardir.
“Otchopar” inshooti “Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmasiga koʻra 2021-yil davlat Investitsiya dasturiga kiritilgan boʻlib, uni talab darajasida barpo etish uchun oʻtgan yili iyul oyidan buyon umumiy qiymati 5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Mashgʻulotlar va musobaqalar oʻtkaziladigan yirik yozgi manej barpo etilib, unda tomoshabinlar uchun 600 oʻrinli ayvon va boshqa qulayliklar muhayyo qilingan. Bundan tashqari, majmuada murabbiylar xonasi, 40 bosh yilqiga moʻljallangan otxona, yemxona, ozuqa ombori va boshqa inshootlar ham qurilgan.
Endilikda chavandozlar mahorat maktabi faoliyati samaradorligi boʻyicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab rahbariyat, yoʻriqchi-uslubchilar, trenerlar va boshqa xodimlar mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirib boriladi. Bunda reyting koʻrsatkichlarini shakllantirishda Chavandozlar maktablari faoliyatiga davlat buyurtmasiga asosan tayyorlangan razryadli va unvonli sportchilar, respublika va xalqaro musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, olimpiya zaxiralari kollejlari hamda ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qabul qilingan oʻquvchilar soni ham inobatga olinadi.
Tadbirda mazkur Chavandozlar mahorat maktabi yurtimizda ot sporti shunqorlari, mahoratli sportchilar va xalqaro miqyosida tan olingan Gʻayrat Nazarov, Aleksandr Martinov, Iskandar Yoʻldoshev singari yetuk chavandozlarlarga munosib izdoshlar yetishtirib chiqarishda muhim vosita boʻlishiga ishonch bildirildi.
Tantanali marosimdan soʻng harbiylarning koʻrgazmali chiqishlari, chavandozlar poyga musobaqalari namoyish qilindi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri