Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Oʻtkazilgan reyd davomida Romitan tumani “Afrosiyob” MFYda fuqaro J.T. oʻzi istiqomat qiladigan mahalla hududida 1 tup manzarali qayragʻoch daraxtini oʻzboshimchalik bilan kesganligi aniqlandi. Natijada tabiatga 7 million 500 ming soʻm zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. J.T. bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 9 million 375 ming soʻm miqdorida jarima belgilandi.
MJtKning 79-moddasi 1-qismiga koʻra daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Huquqbuzar qilmishi uchun jami 16 million 875 ming soʻm miqdorida tovon toʻlaydigan boʻldi.