Buxoroda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi

    Buxoro shahri va Qorovulbozor tumanida 585,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MCHJlar aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar boʻlimi, "Oʻzenergoinspeksiya" hududiy boshqarmasi va ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida “B.B.” MCHJ rahbari B.I. va boshqalar Sanoatchilar koʻchasidagi koʻp qavatli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasini barpo etishda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 433,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Qorovulbozor tuman boʻlimi va tuman ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida “H.А.” MCHJni norasmiy boshqarib kelgan fuqaro Sh.H. suv resurslarini koʻp talab qiladigan maydondagi ekinlarni sugʻorish uchun oʻrnatilgan elektr hisoblagich sxemasini oʻzgartirib, jami 152 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169 moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.