Noma'lum shaxs Kogon shahar Xalqlar Do'stligi ko'chasida yashovchi fuqaroni va yana 3 nafar boshqa fuqarolarni aldab, plastik kartalaridan jami 4.040.000 so'm pullarni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yechib olib, firibgarlik jinoyatlarini sodir qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Kogon shahar IIB tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan qo'zg'atilgan jinoyat ishi bo'yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Kogon shahar “M.Ulug'bek” mahallasida yashovchi, 1999-yilda tug'ilgan O.G. ismli ayol sodir qilganligi aniqlandi.
Shuningdek, navbatdagi holatda Olot tumani IIB tomonidan berilgan ma'lumotga ko'ra, noma'lum shaxs kommpyuter tizimlariga ruxsatsiz kirib, o'zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida tumanning “Ma'rifat” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroga “Milliybank” ATB tomonidan rasmiylashtirib berilgan plastik kartadan hamda shu kabi yana 9 nafar fuqarolarning kartasidan jami 12.511.000 so'm pullarni yashirin ravishda yechib olib, fuqarolarga moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan ham tuman IIB tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo'zg'atilgan jinoyat ishi bo'yicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu kiberjinoyatlarni Olotning “Ma'rifat” mahallasida yashovchi, 2001-yilda tug'ilgan Sh.G. ismli ayol sodir qilganligi fosh etilgan.
Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklari, shuningdek, ushbu gumon qilinuvchilardan jabrlangan fuqarolarni aniqlash yuzasidan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.