YUrtimiz, xususan, Buxoro dehqonchiligi, uning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan polizchiligi uzoq tarixga ega. “Avesto” asarida ham zaminimizda tilimi tilni yorar bunday noz-ne'matlar serob bo'lgani aytiladi. Polizchilikni dehqonchilikning muhim tarmog'i sifatida rivojlantirayotgan fermer xo'jaliklari soni ko'payib bormoqda.
“Qovun sayli” esa ular erishayotgan yutuqlarning o'ziga xos taqdimotiga aylanayotgani bejiz emas. Biroq joriy dehqonchilik mavsumi pandemiya munosabati bilan e'lon qilingan karantin cheklovlari davriga to'g'ri keldi. SHunga qaramasdan, har yili viloyatimiz markazining “Favvoralar maydoni”da ko'tarinki kayfiyatda o'tishi yaxshi an'anaga aylangan “Qovun sayli”ni bu yil Buxoro shahrining 11 ta hududida o'tkazishga qaror qilindi.
1996 yildan buyon tashkil etib kelinayotgan “Qovun sayli”da “Ko'kcha”, “Amiri”, “Novvoti”, “Bo'rikalla”, “Kampirchopon”, “Dahbedi”, “SHerozi”, “Toshloqi”, “Gulobi”, “Barginay” kabi o'ttizga yaqin bir-biridan xushxo'r nav taqdim etilmoqda.
Bu yilgi sayilning dastlabki kunda viloyatning barcha tumanlari o'zlariga biriktirilgan hududlarda 197 ta fermer xo'jaligi tomonidan tanti dehqonlarimiz mehnati mahsuli — 1217 tonna qovun-tarvuz shaharliklar dasturxoniga tortiq qilindi. Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, asalchilik mahsulotlari savdosi ham tashkil etildi.
— “Qovun sayli” mo'l-ko'lchilik bayrami, – deydi xaridorlardan biri. – Seroblik bo'lsa, narx arzon bo'ladi. Bu erda qovunni bozordagidan ancha pastroq narxda olasiz. Qolaversa, dehqonlarimiz uzum, shaftoli va boshqa noz-ne'matlarni ham taklif etishyapti. Saxovatli mirishkorlarning qo'llari dard ko'rmasin.