Taʼkidlanganidek, 2021-yil sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan sammitida ushbu nufuzli tashkilotga 2021-2022-yillarda raislik qilish Oʻzbekistonga oʻtishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. Unda Prezidentimiz mamlakatimizning SHHTdagi raisligidagi ustuvor vazifalarini bayon qilgan. Bular – SHHT ning nufuzi va salohiyatini yanada oshirish, ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish va bu borada hamkorlikni nazarda tutuvchi markazlarni tuzish, mazkur xalqaro tashkilotning transport bogʻliqligi strategiyasini qabul qilish, SHHT makonida infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, kambagʻallikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish, tashkilotning xalqaro axborot xavfsizligi boʻyicha ekspertlar forumini taʼsis qilish, SHHT ning Ezgu niyat elchisi institutini joriy qilish, turizm sohasida hukumatlararo bitimni ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilish kabi ustuvor vazifalardir.
Bu borada mamlakatimiz raisligi davrida davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof qilingan dolzarb ahamiyatga ega shartlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlar bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbir oʻtkazish koʻzda tutilgan.Buxoroda tashkillashtirilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining (SHHT MKK) navbatdagi yigʻilishi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi. Muhokamada Oʻzbekistonning SHHT ga raisligidagi asosiy tadbirlar jadvali, shuningdek, mamlakat hukumati tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Nufuzli tadbirda ishtirok etgan viloyati hokimi Botir Zaripov yigʻilish qatnashchilarini Buxoroning tarixiy va sayyohlik salohiyati bilan tanishtirdi. Uch ming yillik boy madaniy merosiga ega qadimiy Buxoro Islom olamining yetti muqaddas shaharlaridan biri ekanligi eʼtirof etildi. Mustaqil davlatlar hamdoʻstligidagi nodir sayyohlik maskanlaridan biri sifatida oʻtgan yili Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 million 300 ming kishiga, shundan, chet ellik sayyoh soni 50 ming kishiga oshgani aytildi. Eʼtiborlisi, bu koʻrsatkich tez surʼatda oʻsib bormoqda. Soʻnggi bir necha yil ichida sayyohlar oqimining oʻsishi yiliga oʻrtacha 80 foizni tashkil etmoqda.
Oʻz navbatida, viloyat iqtisodiy salohiyati, xususan, xorijiy investitsiya ishtirokidagi uzviy hamkorlikka eʼtibor qaratildi. Islohotlarning yorqin samarasi sifatida hududda xorijiy biznes vakillari uchun keng ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, hozirda viloyatda xorijiy investorlar ishtirokidagi 360 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari bilan birga, hududda paxtani qayta ishlash, yengil sanoat va toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, neft va gaz tarmoqlari barqaror rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda SHHT davlat rahbarlari kengashining 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Eslatib oʻtamiz, SHHT milliy koordinatorlari kengashining bundan oldingi yigʻilishi shu yil 26-28-yanvar kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan edi.Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar milliy koordinatorlari kengashining yigʻilishi ishtirokchilari qadim Buxoroga tashrif davomida diqqatga sazovor koʻp asrlik meʼmoriy obidalar – “Poyi kalon” majmuasi, “Somoniylar” maqbarasi, “Ark” qoʻrgʻoni, “Labi hovuz” majmui, “Toqi zargaron”, “Toqi telpakfurushon”, “Toqi sarrafon” kabi koʻhna savdo rastalariga sayohat qildilar.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati