Haftalik oʻtkazilishi munosabati bilan Buxoro viloyat hokimligi va teatr ijodiy jamoasi hamkorligida “Chora –tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, barcha madaniy tadbirlar shu asosda tashkil etilyapti.
Haftalikning birinchi kuni, 22 martda teatr rejissyori, ”Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Boʻron Akobirov tomonidan sahnalashtirilgan Oʻ.Hoshimovning “Toʻylar muborak” asari asosida “Uylanmasam oʻlaman” komediyasi namoyish etildi.
23 mart kuni esa taniqli yozuvchi Shoyim Boʻtayevning “Xotira bogʻi” asari sahnaga qoʻyildi. Bu spektakl Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Nodira Moʻminova tomonidan sahnalashtirildi.
24 mart kuni Usmon Qoʻchqor asari asosida rejissyor Nodira Moʻminova sahnalashtirgan “Imom al Buxoriy” spektakli tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
25-mart kuni A.P.Chexovning” Ayiq” hazil asari (rejissyor Oʻzbekiston xalq artisti U.Baqoev) namoyish etildi. Namoyishdan soʻng teatr rejissyori, Oʻzbekiston xalq artisti, ”el-yurt hurmati” ordeni sohibi Ubaydullo Omon va teatr ijodiy jamoasining tomoshabinlar bilan uchrashuvi oʻtkazildi.
Rus klassik adabiyotining mashhur vakillaridan biri A.P.Chexovning “Ayiq” pʼesasi 1888 yilda yozilgan boʻlib, asarda 3 nafar qahramon ishtirok etadi.
26 mart kuni A.Avloniyning “Advokatlik osonmu?” satirik komediyasi (rejissyor Gʻafur Mardonov) namoyish etilishi rejalashtirilgan.
27 mart kuni esa ozarbayjon adibi Husayn Jovudning “ Shayx Sanʼon qissasi” asari asosida sahnalashtirilgan “Segoh” musiqali dramasi (rejissyor Sayfiddin Meliev) namoyish etiladi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan teatr va madaniyat sohasini har tomonlama rivojlantirishga berilayotgan yuksak eʼtibordan mamnunmiz, -deydi teatr direktori Gulnora Husenova. — Teatrlarimizning xalqaro nufuzini oshirish, ibratli asarlar bilan xalq orasiga dadil kirib borish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarda teatr arboblarining faol ishtirokini taʼminlash, badiiy barkamol sahna asarlarini yaratish bugungi kunda teatr sohasi vakillari oldida turgan muhim vazifadir.
Mohigul Nazarova,
Buxoro viloyat musiqali drama teatri
adabiy boʻlim mudiri